Turuxtan

Turuxtan (Philomachus pugnax) — balchiqchilar turkumiga mansub qush. Tanasi 26 santimetrcha. Narining qanoti 17,5— 19 santimetr, og’irligi 184 grammcha, modasining qanoti 14-16,5 santimetr, og’irligi 108 grammcha. Urchish davrida narining bo’yin va boshi orqasidan rangbarang tusda uzun patlar o’sib chiqadi. Modasi bir oz odmiroq. Urchish davri tugagach, ikkala jins bir-biriga o’xshash tusga kiradi. Yevropa va Osiyoning shimoliy hamda mo’tadil mintaqalarida uya quradi. Janubiy va tropik Afrikada, shuningdek, Janubiy Osiyoda qishlaydi. Turuxtan — poligam kush. 4 ta tuxum qo’yadi. 22-23 kun bosadi. Mayda umurtqasiz hayvonlar, o’simlik urug’lari bilan oziqlanadi. Go’shti mazali. Ovlanadi. O’zbekistonda migratsiya davrida uchraydi.