Ukrain tili

Ukrain tili — Hind-Yevropa tillari oilasidagi slavyan guruhiga mansub Sharqiy slavyan tillaridan biri. Asosan, Ukrainada, shuningdek, Belorussiya Respublikasi va Rossiya Federatsiyasining Ukrainaga ko’shni viloyatlarida, Kuban va uzoq Sharqda, Polsha, Slovakiya, Serbiya, Kanada, AQSh, Argentina, Avstraliya va boshqa mamlakatlarda tarqalgan. So’zlashuvchilarning umumiy soni 46 million, jumladan, Ukrainaning o’zida 38 million, Rossiya Federatsiyasida 4,5 million, O’zbekistonda 150 ming, AQSh va Kanadaning har birida 500 ming kishidan ortiq (20-asrning oxirlari). Ukrain tilining 3 asosiy laxjasi bor: Janubiy Sharqiy (o’rta Dneprbo’yi, slobojan, dashtcho’l shevalari); Janubiy g’arbiy (Volin- Podolsk, galichbukovina va Karpat shevalari) va shimoliy (Chapqirg’oq, O’ngqirg’oq, volinpolese shevalari). Hozirgi adabiy tili, asosan, Janubiy Sharqiy laxja asosida shakllangan. Ukrain tilining boshqa slavyan tillaridan farqlanuvchi belgilari: fonetika sohasida — tiloldi i tovushining nisbatan tilorqa i tovushidan farqlanishi, yopiq bo’g’inlarda oldingi o, e, tovushlarining i ga aylanishi; morfologiya sohasida — chaqiriq kelishigining mavjudligi, erkak jinsdagi otlarda jo’nalish va o’rin kelishiklarining o’ziga xos qo’shimchalari, sifat shakllarining qisqarishi; sintaksis sohasida — o’zgarmas fe’l shaklli shaxssiz gaplarning qo’llanishi va boshqalar. Adabiy Ukrain tilining rivojlanish tarixi 2 bosqichdan iborat: qadimgi Ukrain tili (14-asr — 18-asr o’rtalari) va hozirgi Ukrain tili (18-asr oxiridan). Qadimgi Ukrain tilida yuridik va boshqa rasmiy hujjatlar, ilmiy nasr, turli janrlardagi badiiy adabiyot yaratilgan va saqlanib qolgan. Qadimgi Ukrain tilining adabiy me’yorlari L. Zizaniyaning grammatikasi va lug’ati (1596)da ham o’z aksini topgan. Hozirgi adabiy Ukrain tili Ukrainada I. Kotlyarevskiy va 18-asr oxiri — 19-asr boshlaridagi boshqa yozuvchilar asarlarining maydonga kelishi bilan barqarorlashgan. Hozirgi adabiy Ukrain tili tarixida T. G. Shevchenko ijodi ulkan rol o’ynadi. T.Shevchenko umumxalq so’zlashuv tili negizida umummilliy adabiy Ukrain tiliga asos soddi. O’tgan asrning 20-yillarida adabiy Ukrain tilida jiddiy o’zgarishlar sodir bo’ldi. Ukrain tili Ukraina aholisi turli tabaqalarining ijtimoiy va madaniy hayotida keng qo’llana boshladi, publitsistik, ilmiy va rasmiy uslublarning tez rivojlanishini ta’minladi. 50-yillarda lisoniy me’yorlardagi va bir qancha fanlar terminologiyalaridagi boshboshdoqliklarga barham berildi. Shu vaqtdan boshlab adabiy Ukrain tili me’yorlari rivojida yangi bosqich boshlandi. Keyingi yillarda Ukrain tilida ro’y bergan me’yoriy o’zgarishlar, yangi me’yoriy variantlar «ukrain tili lug’ati»da (1 — 11 jildlar, 1970-80) o’z aksini topali. Ukrain tiliga qadimgi rus yozuvi (kirillisa) meros bo’lib o’tgan. Eng qadimgi yozma yodgorliklari: yuridik hujjatlar (14— 15-asrlar), diniypandnoma mazmundagi asarlar (16-asr) va boshqalar.