Ukrainlar

Ukrainlar — xalq. Ukrainaning asosiy aholisi (37,42 million kishi). Rossiya Federatsiyasida 4362,8 ming kishi, Qozog’istonda 896,2 ming kishi, Belorussiyada 291 ming kishi, O’zbekistonda 153,2 ming kishi, Qirg’izistonda 108 ming kishi, Latviyada 92,1 ming kishi, Kanadada 530 ming kishi, AQShda 500 ming kishi, Polshada 300 ming kishi, Argentinada 100 ming kishi yashaydi. Umumiy soni 46 million kishi (1990-yillar o’rtalari). Ukrain tilida so’zlashadi. Dindorlari — pravoslavlar, bir qismi uniatlar. Ukrainlar ruslar va beloruslar qatori Sharqiy slavyanlarga mansub. Ularning umumiy etnik asosini 10-asrga kelib yaqin qardosh Sharqiy slavyan qabilalaridan shakllangan va o’z davlati — Kiyev Rusi barpo etgan qadimgi rus elati tashkil qilgan. Keyinchalik, ijtimoiy-iqtisodiy va madaniy taraqqiyot va qadimgi rus yerlarining siyosiy tarqoqligi sharoitida (12 — 14-asrlar) qadimgi rus elati asosida 3 ta qardosh xalq — rus, ukrain va belorus xalqlari shakllangan. Taxminan 14-15-asrlardan Ukrainlar o’ziga xos tili, xo’jaligi va madaniyati asosida mustaqil etnik birlik sifatida maydonga keldi. 16 — 17-asrlarda ijtimoiy- iqtisodiy va madaniy taraqqiyot, xalqning Litva, polyak, Venger agressiyalariga, turktatar bosqinchilarining talonchilik hujumlariga qarshi kurashi natijasida ukrain elati uyushgan va mustahkamlangan.