Uloq, ko’pkari
Uloq, ko’pkari — O’rta Osiyo xalqlarining qadimgi ommaviy, milliy o’yinlaridan biri. Asosan, g’alaba va hosil bayramlari, to’y va sayillar munosabati bilan o’tkazilgan. Hukmdor va har xil amaldorlardan tashqari o’ziga to’q odamlar, hatto oddiy aholi ham u Uloq. o’yinlarini tashkil etgan. Ko’proq xatna (chipron) to’ylarida rasm bo’lgan. Uloq turkiy xalqlar, ayniqsa, uning Qo’ng’irot, Qurama, ming, Mang’it, oyrat, yoyilma, kenegas, qipchoq, barlos kabi urug’lari orasida ommalashgan. Uloq tomoshalari oldidan maxsus jarchilar qishloq, ovullarga yuborilib, odamlar gavjum joylarda, bozorlarda Uloq kim tomonidan, qayerda, qachon va nima maqsadda o’tkazilayotganligini hamda qo’yiladigan sovrinlarni e’lon qilgan. Turli joyda har xil qoida bo’yicha (Chortoq, sudratma, marra, poyga, pakka, minbar va boshqa nomlar bilan atalgan) Uloq o’yini uyushtirilgan. Uloq ko’ngilochar tomosha yoki shunchaki o’yin bo’lmasdan o’g’il bolalar, yigitlarni mard, jasur, epchil, dovyurak qilib tarbiyalash vazifasini bajargan. Uloq o’yinlari ot naslini yaxshilashga, chidamli, tez harakat qiladigan zotlarini ko’paytirishga yordam qilgan. Qorabayir, Arabi, axaltekin, Qurama, Laqay, Kustanay, Qorabog’va hozirgi Orlov ot zotlari Uloqchi otlar hisoblanadi. Uloq xalq o’yini, asosan, 2 qismdan — solim (qoqma) va poytadan iborat. Solim (qoqma). Chortoq ustidagi bakovullar (hakamlar) uloq (so’yilib ichki a’zolari, bosh va oyoqlari kesib olingan echki yoki buzoq)ni to’daga tashlaydi. To’dadagi chavandozlar Uloqni olib, tortishib, eng kuchlisi Uloqni marraga yetkazib berishi lozim. Kim Uloqni marraga yolg’iz o’zi halol olib kelsa, unga avvaldan belgilangan mukofot taqdim etiladi. Katta to’ylarda mukofotga pul, mato, kiyim, gilam, Qo’chqor va boshqalar qo’yiladi. Poyga, Uloq 2 turdan iborat: otda chavandozning poygasi va Uloq bilan chopish poygasi. Uloq bilan poygada belgilangan joydagi Uloqni olish uchun hakamlar ruxsat bergandan keyin chavandoz ot choptirib borib Uloqni yerdan ko’tarib olishi va marraga yetkazishi kerak. Keyingi yillarda Uloq o’yinlari sport turiga kiritildi va O’zbekistonda Respublika miqyosida rasmiy musobaqalar, xalqaro turnirlar o’tkazila boshlandi. 1998 yil Samarqand viloyatining Chelak tumanida, 1999 yil «Alpomish» dostonining 1000 yilligiga bag’ishlanib Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida respublika musobaqalari tashkil qilindi. 1xalqaro musobaqa Navoiy viloyatidagi Islomobod jamoa xo’jaligida bo’lib o’tdi (1999 yil, 27-29 noyabr), unda Qozog’iston, Qirg’iziston, Tojikiston, Ozarbayjon, Turkmaniston va O’zbekiston terma jamoalari bilan birga Navoiy, Samarqand viloyati vakillari alohida jamoa sifatida ishtirok etdi. Uloqning sport turi sifatida xalqaro miqyosida 38 mamlakatda (2004 yil) tan olinishida O’zbekiston ot sporti va uloq federatsiyasi tomonidan Uloq musobaqalarining umumiy qoidalari ishlab chiqilishi va xalqaro «kok boru» (Uloq — ko’pkari) federasiyasining ta’sis etilishi (2001 yil 7-11 noyabr, Bishkek) ning ahamiyati katta bo’ldi. O’zbekistonda alohida uloqko’pkari federatsiyasi tuzildi (2002 yil 29 aprel). Federatsiya tuman, viloyat, respublika musobaqalarini uyushtiradi. Ad.: Samibekov R., Chavandozning belbog’i, T., 1998; Yo’ldoshev S., Jo’raev N ., Uloq — shijoatli va Jasur suvoriylar o’yini, Farg’ona, 2002. Talat Usmonxo’jaev, Jo’raqo’zi Turdimatov.