Ulug’ Muhammad

Ulug’ Muhammad (?-1445) Oltin O’rda xoni (1419-37, tanaffuslar bilan), Qozon xonligi asoschisi, Jaloliddinning o’g’li, To’xtamishning nabirasi. Idiqu (Edigey) vafotidan so’ng Oltin O’rda taxtini egallab, 1419-23 yillarda O’zbek ulusiga (Jo’ji ulusining Sharqiy qismi) ega bo’lish uchun (temuriy Shohrux bilan bo’lgan ittifoqqa suyangan holda) Baroq bilan qattiq kurash olib borgan. Baroqdan mag’lub bo’lgach, 1423 yil Volga Bulg’oriyasiga qochgan, lekin 1426 yil Litva buyuk knyazi Vitovt ko’magida yana Oltin O’rda taxtiga o’tirgan. 1428 yil turk sultoni Murod II bilan do’stona aloqa o’rnatib, Qrimni o’z hokimiyatiga tobe etgan. 1433 yil Moskva knyazi Vasiliy II Vasilevichga ulug’ knyazlik yorlig’ini bergan. O’zaro ichki kurashlardan zaiflashgan va mamlakat ichkarisida o’ziga mustahkam tayanch topa olmagan Ulug’ Muhammad 1437 yil taxtni kichik Muhammadga berishga majbur bo’lgan. Oka daryosi bo’yidagi Belov shahriga qochgan, 1438 yil o’z o’rdasi bilan O’rta Volgaga ko’chgan va Volga Bulg’oriyasi aholisini bo’ysundirib, yangi Qozon xonligini barpo etgan. Shimoliy Sharqiy Rusga bir necha bor yurishlar qilgan (1439 yil Moskvaga, 1444-45 yillarda Murom, Ryazan va Suzdalga). 1445 yil Moskva ulug knyazi Vasiliy II ni asir olgan. Ulug’ Muhammad sulolasi 1521 yil barham topgan.