Ulug’bek madrasasi

Ulug’bek madrasasi — G’ijduvon (Buxoro viloyati)dagi me’moriy yodgorlik (1433). Ulug’bek Samarqand va Buxoroda qurdirgan madrasalardan eng kichik va soddarog’i. Madrasa bir qavatli, murabba tarxli (33×30 metr), masjid, darsxona va yotoqxonadan iborat. Peshtog’i chuqur ravoqli. O’rtada miyonsaroy, 2 yonida masjid va darsxona (8X4,6 metr), burchaklarida guldasta joylashgan. Miyonsaroy to’ridagi eshikdan hovliga chiqiladi. Hovli (15×13 metr)ning 2 yonida 5 ta hujra bo’lib, uning 4 tasi murabba tarhli, tomi qubbali. Bizgacha Ulug’bek madrasasining bosh tarzi (15-asr), unga tutashgan ayvon va minora saqlangan. 1933 yilda V. Shishkin, V. Nilsen va I. Notkinlar o’lchamlarini aniqlagan. Bosh tarzida Ulug’bek nomi va qurilgan sanasi yozilgan. Madrasaning g’arbida Shayx Abduxoliq G’ijduvoniy qabri joylashgan. G’ijduvoniyning 890 yilligi (1993) munosabati bilan Ulug’bek madrasasi ta’mirlangan. Bosh tarzi peshtog’i yoniga ustunli, tekis tomli ayvon (bostirma) qurilib, ichi koshin bilan bezatilgan, peshtoq yonlaridagi xujralarga bosh tarzidan kiriladigan eshik, tobadonlarga ganchkori panjaralar o’rnatilgan. Serhasham naqshinkori bezaklari tiklangan. G’ijduvoniy daxmasi ustiga 2003 yili tomi ustunli yog’och o’ymakori gumbaz bilan yopilgan, ayvon qurildi. Daxma bezaklari qaytadan tiklashsh. Madrasa oldi, daxma va yangi qurilgan masjid joylashgan hudud zamonaviy talablarga mos qilib obodonlashtirildi.