Umarov Abdurahim
Umarov Abdurahim (1947.24.8, Toshkent) — ganchkor usta, me’mor. O’zbekiston Badiiy Akademiyasi akademik (1999), O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1992). Mahmud Usmonovntg shogirdi. Toshkent politexnika institutini tugatgan (1971); shu institutda «jamoat binolari va intererlarini me’moriy loyihalash» kafedrasida pedagog (1971— 76). 1976 yildan Toshkent tajriba keramika ktida ganchkor usta, 1985 yildan Respublika «Usto» xalq san’ati ustalari birlashmasi bosh direktori, 1997 yildan «Usto» Respublika maxsus ijodiy ishlab chiqarish uyushmasi raisi. Uning ijodiy faoliyati o’zbek xalqining boy madaniy merosini asrash, hayotda qo’llash, xalq amaliy bezak san’atini zamonaviy me’morlikda qo’llab, unga milliy ruh berishga bag’ishlangan. Uning ijodiy rahbarligida respublika va xorijiy mamlakatlarda ko’plab me’moriy inshootlar (Temuriylar tarixi davlat muzeyi, «Qatag’on qurbonlari xotirasi» muzeyi, O’zbekiston konservatoriyasi, Termiz arxeologiya muzeyi, O’zbek milliy akademik drama teatri binolari, Buxoriy me’moriy majmui, Bahouddin majmuasi va boshqalar) milliy me’morlik va amaliy san’at namunalari bilan bezatilgan.