Umarshayx Mirzo

Umarshayx Mirzo (1456, Samarqand — 1494.9.6) — temuriy Shahzoda. Abu Sayd Mirzoning to’rtinchi o’g’li. Boburning otasi. Abu Sayd Mirzo Kobul viloyatini Umarshayxga bergan, biroq Umarshayx hali yosh bo’lganligi bois unga Bobori Kobuliyni bek atka qilib tayinlaydi. Ammo tez orada mirzolarning xatna to’yini o’tkazish munosabati bilan otasi Umarshayxni Samarqandga qaytaradi. To’ydan keyin Abu Sayd Mirzo Umarshayxga Andijon viloyatini boshqarishni topshirgan. Bu gal Mirzoga Xudoyberdi tukchi Temurtoshni bek atka qilib tayinlaydi. Keyinchalik akasi Sulton Ahmad Mirzo Umarshayxga Toshkent bilan Sayramni beradi. Shohruxiyani esa, o’zi firib bilan qo’lga kiritadi. Ma’lum vaqtdan keyin Toshkent va Shohruxiya Umarshayx tasarrufidan chiqadi, uning qo’l ostida Farg’ona, Xo’jand va O’ratepa qoladi. Umarshayxning o’z saltanati hududlarini kengaytirish maqsadida qilgan harakatlaridan tahlikaga tushgan akasi Sulton Ahmad Mirzo Toshkent hukmdori Sulton Mahmudxon (Xonika) ibn Yunusxon o’zaro ittifoq tuzib 1494 yil Umarshayx ustiga qo’shin tortadilar. Biroq shu yilning 9 iyunida Umarshayx kaptar uchirish vaqtida kaptarxona bilan birga jarga qulab halok bo’ladi. «Boburnoma»da qayd etilishicha, u. past bo’ylik, paxmoq soqolli, yumaloq yuzli, to’la, lo’ppi kishi bo’lgan. Kiyimni tor tiktirib kiyar, sallani chirmab o’rar edi; xanafiy mazhablik, sof e’tiqodlik kishi edi, besh vaqt namozni vaqtida ado etardi. Xoja Ahrorni o’ziga pir sanar, uning ko’pdanko’p suhbatlarida qatnashgan. Umarshayx xushxulq, sahovatli va mard inson bo’lgan.