Umumiy ta’lim

Umumiy ta’lim — kasbi va turmush tarzi qandayligidan qat’i nazar tabiat, jamiyat, tafakkur, san’at, ma’naviyat bo’yicha har bir kishi egallashi zarur bo’lgan bilim asoslari, shuningdek, har bir odamda hayotda qiynalmay yashashi uchun shakllantirilishi kerak bo’lgan ko’nikma va malakalar yig’indisi; ma’lum yoshdagi barcha bolalarning muayyan bilimlar minimumini beradigan maktablarda ma’lum vaqt mobaynida majburiy ta’lim olishi. Umumiy ta’limni egallash har bir kishiga ilmiy dunyoqarashni shakllantirish, unda olamni bilish qobiliyatini rivojlantirish imkoniyatini beradi. Shuningdek, Umumiy ta’lim kasbiy hamda politexnik ta’limning poydevori bo’ladi. Umumiy ta’lim o’quv muassasalarida o’qish orqali ham, mustaqil ta’lim yo’li bilan ham olinishi mumkin. Jahon pedagogika fani va amaliyotida Umumiy ta’limning boshlang’ich, kuchaytirilgan boshlang’ich va o’rta singari turlari mavjud. Boshlang’ich Umumiy ta’lim o’qish, yozish, arifmetikaning dastlabki amallari hamda tabiatshunoslik, geografiya va Vatan tarixi yuzasidan ibtidoiy tushunchalar, rasm, musiqa, jismoniy tarbiya va mehnat singari o’quv fanlarini o’z ichiga oladi. Kuchaytirilgan boshlang’ich Umumiy ta’limda esa o’quvchilarga ona tili grammatikasi, chet tili, adabiyotning qisqa kursi, mat. ning ayrim bo’limlari, algebra, geometriya, fizika, tabiatshunoslik, chizmachilik bo’yicha ibtidoiy ma’lumotlar, geografiya, tarix, rasm, mehnat kurslari qo’shiladi. Yevropa mamlakatlarining aksariyatida boshlang’ich va kuchaytirilgan boshlang’ich Umumiy ta’lim ta’limning mustaqil tizimi sifatida qaraladi va o’rta Umumiy ta’lim bilan yetarli uzviylik kasb etmaydi. O’rta Umumiy ta’lim, odatda ona tili va adabiyotning tizimli kursi, chet tillari, Vatan va jahon tarixi, Madaniyatshunoslik, algebra, geometriya, trigonometriya, fizika, kimyo, biologiya, chizmachilik, geografiya, jismoniy tarbiya, informatika va boshqalarni o’z ichiga oladi. Ayrim Umumiy ta’lim maktablari bir yoki bir necha o’quv fanlarining chuqurlashtirilgan holda o’qitilishiga ixtisoslashgan bo’ladi. O’zbekistonda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilinguniga qadar (1997) Umumiy ta’lim boshlang’ich (1-4- sinf), tayanch (5—9-sinf) va o’rta (10— 11-sinf) bosqichdan iborat bo’lgan. Endilikda O’zbekistondagi Umumiy ta’lim boshlangich (1—4-sinflar), o’rta (5—9-sinf) va o’rta maxsus (akademik litsey va kasb-hunar kollejlari) kabi bosqichlardan iborat bo’lib, mamlakatimiz yoshlarining barkamol shaxs bo’lib shakllanishini ta’minlashga yo’naltirilgan. O’zbekistonda qadim zamonlardayoq ta’lim tizimi keng tarmoq yoygan bo’lishiga qaramay, umummilliy miqyosda Umumiy ta’lim rasman 1930 yilning 15 sentabrdan joriy etildi. O’sha davrdagi hukumatning qaroriga ko’ra, 1934 yildan boshlab O’zbekistonda umumiy boshlang’ich ta’lim olish majburiy qilib qo’yildi. Bu tartib nafaqat maktab yoshidagi bolalarga, balki boshlang’ich ma’lumotga ega bo’lmagan katta yotshdagi kishilarga ham tatbiq qilindi. Shuning uchun ham mamlakatda savodsizlik va chalasavodlikni tugatishga yo’naltirilgan vaqtinchalik maktablar tizdmi paydo bo’ldi. 1938 yilning iyulidan O’zbekistonda umumiy yetti yillik majburiy ta’lim joriy etildi. Lekin 2-jahon urushi mamla katda umumiy yetti yillik ta’limning to’liq amalga oshishiga imkon bermadi. 1956 yildagina yetti yillik Umumiy ta’limga to’liq erishildi. 1958 yildan O’zbekistonda Umumiy ta’lim sakkiz yilga, 1975 yildan o’n yilga yetkazildi. 1990 yildan O’zbekistonda Umumiy ta’lim muddati o’n bir yilni tashkil etdi. Fan va texnikaning tinimsiz rivojlanib, axborotlarning haddan tashqari ko’payib borishi va uni yetkazish texnologiyalarining tezkor taraqqiyoti Umumiy ta’lim muddatini uzaytirishni taqozo etishi tabiiydir. Shuni nazarda tutilgani uchun ham O’zbekiston Respublikasi hukumati tomonidan 1997 yilda Kadrlar tayyorlash milliy dasturi qabul qilindi. Unga ko’ra, O’zbekiston Respublikasida Umumiy ta’lim tizimi o’z ichiga akademik litsey va kasb-hunar kollejlarini ham qamrab oldi. Shu tariqa, O’rta Osiyo davlatlari orasida birinchi bo’lib O’zbekistonda Umumiy ta’lim o’rta maxsus ta’lim darajasiga ko’tarilib, muddati o’n ikki yilga yetkazildi.