Umumiy va noorganik kimyo instituti
Umumiy va noorganik kimyo instituti, O’zbekiston Fanlar Akademiyasi Umumiy va noorganik kimyo instituti — ilmiy tadqiqot muassasasi. 1933 yil Toshkentda Kimyo instituti nomi bilan tashkil etilgan. 1998 yildan shu nomda. Institut negizida bir qancha ixtisoslashtirilgan ilmiy tadqiqot institutlari, jumladan, intning alkaloidlar kimyosi, g’o’za kimyosi hamda polimerlar kimyosi va fizik kimyo laboratoriyalari asosida O’zbekiston Fanlar Akademiyasi o’simlik moddalari kimyosi instituti ajralib chiqdi (1956), 1959 yilda Paxta tsellyulozasi kimyosi va texnologiyasi instituti, 1965 yilda neft kimyosi laboratoriya asosida O’rta Osiyo neftni qayta ishlash instituti (hozirgi A. Sultonov nomidagi O’zbekiston Kimyo-farmatsevtika instituti) tashkil etildi. Institut olimlari tomonidan 1934 yilda aromatik uglevodorodlarni spirtlar bilan alkillash reaktsiyasi ochildi. 1938 yilda kislotaasos nazariyasi e’lon qilindi (M.I. Usanovich). Institutda so’nggi yillarda olib borilgan ilmiy taqiqot natijalari, jumladan, neft va neft mahsulotlarini suyultiruvchi moddalar, gaz kondensatlari asosida erituvchilar, «K9» preparati, suvda va moyda eruvchi sirt faol moddalar olish texnologiyasi, chigitni tozalash, ko’p maqsadli katalizatorlar, g’ovakli vermukulit, neft va gidrotermal suvlardan yod ajratib olish, Markaziy Qizilqum fosforitlaridan oddiy superfosfat, tarkibida fosfor, kaltsiy, azot saklovchi murakkab va organomineral o’g’itlar («Azobiokom» va boshqalar), «Hosil» turkumidagi stimulyatorlar, «sihat», «Sardor» defoliantlari ishlab chiqarish texnologiyalari kimyo, neftni qayta ishlash, oziq-ovqat sanoatlarida, yog’moy zavodlarida, burg’ilash texnikasida, qishloq xo’jaligida, qurilish materiallari ishlab chiqarish korxonalarida amaliyotga joriy qilindi. Institutda 17 laboratoriya bo’lib, ularda 145 xodim ishlaydi, shulardan 3 akademik (B.M. Beglov, Z. S. Salimoye, S. To’xtayev), 16 fan doktori, 30 fan nomzodi faoliyat ko’rsatadi. Institut xodimlarining 2 ilmiy ishi Beruniy nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotiga (K.S. Ahmedov, B. M. Beglov, S. A. Zaynutdinov, M.N. Nabiyev, A. A. Vishnyakova, M. R. Odilova) sazovor bo’lgan.