Unli tovushlar

Unli tovushlar — og’iz va bug’iz bushlig’ida hech qanday to’siqqa uchramay hosil bo’ladigan, tarkibi ovozdan iborat (shovqin deyarli ishtirok etmaydigan) tovushlar. Har bir til o’ziga xos unlilar tizimiga ega. Tildagi unlilar tizimi vokalizm (lotincha vocalis — unli tovush) deyiladi. Unli tovushlar soni turli tillarda turlichadir. Masalan, hozirgi o’zbek adabiy tilida Unli tovushlar 6 ta bo’lsa, boshqa turkiy tillarda 8 ta, 10 ta va undan ham ortiqdir. Bu miqdor rus tilida 5 tani, frantsuz tilida esa 18 tani tashkil etadi. Unli tovushlar bir necha jihatdan tasnif etiladi. Bu tasniflarning o’zbek tilidagi 6 ta unli fonema (i, e, a, o, u, o’) misolida ko’rib chiqish mumkin. Unlilar dastlab tilning harakati va labning holati (ishtiroki) nuqtai nazaridan turlarga ajratiladi. Tilning harakatida 2 hodisa farqlanadi: tilning yotiq (yonlama) harakati; tilning tik (vertikal) harakati. Tilning yotiq (yonlama) harakatida hosil bo’lish o’rniga ko’ra unlilar 2 turga bo’linadi: tiloldi (yoki old qator) unlilari — i, e, a hamda tilorqa (yoki orqa qator) unlilari — o, u, o’. Tilning tik harakatiga ko’ra Unli tovushlar 3 turga bo’linadi: yuqori ko’tarilish unlilari (i, u), o’rta ko’tarilish unlilari (e, o’), quyi ko’tarilish unlilari (a, o). Labning holati (ishtiroki)ga ko’ra unlilar 2 ga bo’linadi: lablangan unlilar (u, o’) va lablanmagan unlilar (i, e, a, o). Lablangan unlilar talaffuz qilingan vaqtda lablar faol ishtirok etadi: lab cho’chchayib, oldinga chiqadi, dumaloq shakl oladi. Lablanmagan unlilar talaffuzida lablar ishtirok etmaydi yoki lablar ishtiroki passiv bo’ladi. Tovushning hosil bo’lishida ketadigan vaqtning miqdoriga ko’ra Unli tovushlar 2 turga bo’linadi: cho’ziq unli; qisqa unli. Cho’ziq unli davomli (cho’ziq) talaffuz etiladigan Unli tovushlardir. Bunday tovushlar ko’pincha ma’no farqlash uchun xizmat qiladi. Bu hodisa turkiy tillarning ba’zilarida, shuningdek, ayrim o’zbek shevalarida uchraydi. Masalan, turkman tilida a:ch (qornim och) va ach (eshikni och), ba:r (menda bor) va bar (ishga bor), a:t (nom, ism) va at (yilqi) va boshqalar. Qisqa unlilar talaffuziga cho’ziq unliga nisbatan oz vaqt ketadi. Ad.: Hozirgi o’zbek adabiy tili, 1-qism, T., 1980; Reformatskiy A. A, Vvedenie v yazikovedenie, M., 1998.