Uran rudalari
Uran rudalari — tarkibidagi uran va uning birikmalari texnik jihatdan sanoatda ishlatishga yaroqli va iqtisodiy jihatdan maqsadga muvofiq kontsentratsiyada bo’lgan tabiiy mineral hosilalar. 100 ga yaqin uran minerallari ma’lum bo’lib, shundan 12 tasi amaliy ahamiyatga ega; ayniqsa, ko’proq sanoat ahamiyatiga ega bo’lgan uran oksidlari — uraninit va uning turlari, shuningdek, silikatlar — koffinit, titanatlar — davidit va brannerit; suvli fosfatlar, arsenotlar va vanadatlar — uranli slyudkalar sanoatda katta ahamiyatga ega. Uran rudalari paydo bo’lishiga ko’ra, ekzogen, endogen, metamorfogen rudalarga ajratiladi. Endogen rudalar yuqori tra va bosim ta’sirida pegmatit va gidrotermal eritmalardan ajralib chiqadi. Bunday rudalar burmalanish oblastlari va faollashgan platformalarga xos. Ekzogen rudalar yer yuzasiga yaqin joylarda va yer yuzasida cho’kindi hosil bo’lish jarayonida (singenetik rudalar) yoki grunt suvlar tsirkulyasiyasi natijasida (epigenetik rudalar) hosil bo’lib, asosan, yosh platformalar bilan bog’liq. Metamorfogen rudalar cho’kindi qatlamlar metamorfizmi jarayonida dastlab tarqalgan uranni taqsimlanishidan hosil bo’lib, qadimgi platformalar uchun xos. Uran rudalari o’ta kontrastli, kontrastli, kam kontrastli va kontrastli bo’lmagan rudalarga ajratiladi. Rudalarning kontrastliligi ularning radiometrik boyitilishi imkoniyatini va maqsadga muvofiqligini belgilaydi. Uran rudalari yirik donador (ko’ndalangiga 25 millimetr), o’rta donador (3-25 millimetr), mayin (0,015—0,1 millimetr) va dispers (0,015 millimetrdan kam) ga ajratiladi. Uran minerallari agregatlari va donachalarining hajmiga qarab, rudalarni mexanik boyitish imkoniyati aniqlanadi. Tarkibidagi aralashmalarga ko’ra sof uran, vanadiyli uran, nikelkobaltvismutkumushli uran va boshqa rudalar farqlanadi. Uran rudalari tarkibidagi uranning miqdoriga qarab 5 turga bo’linadi: uranga juda boy rudalar (uran 1% dan ko’p), boy rudalar (1— 0,5%), o’rta rudalar (0,5—0,25%), urani kam rudalar (0,25—1%), urani juda kam rudalar (0,1% dan kam). Tarkibida 0,01— 0,015% uran bo’lgan rudalardan ham ko’shimcha mahsulot sifatida uran ajratib olinadi. Uran rudalarining asosiy konlari AQSh (Kolorado platosi), Kanada (Ontario va Saskachevan provintsiyalari), Frantsiya (Markaziy Frantsiya massivi) va JAR (Vitvatersrand)da; Avstraliya va Gabonda ham uranning yirik konlari bor. O’zbekiston hududida uranning ahamiyatga molik zaxiralari mavjud. Markaziy Qizilqumda uran konlarining 24 tasi aniqlangan, ulardan 11 tasi yirik (Uchquduq, Sugrali, Sobirsoy, Ketmonchi, Bukinoy, Janubiy Bukinoy, Shimoliy Konimex, Lavlakon, Beshqoq, Alendi) kon hisoblanadi. Bulardan tashqari, ChatqolQurama tog’larida va Farg’ona botig’ida ham Uran rudalari topilgan.