URBANIZATSIYA
URBANIZATSIYA (fr. urbanisation, ing. urbanization, lot. urbanus – shaharga mansub, urbs — shahar) — jamiyat hayotida shaharlar rolining ortib borishi; ishlab chiqaruvchi kuchlarning joylashuvi, aholining ijtimoiy, demografik tarkibi, turmush tarsi va madaniyatidagi o’zgarishlar bilan bog’liq. U. tarixiy rivojlanish asosida shakllangan jamiyat bosqichlari va hududiy mehnat taqsimoti natijasida sodir bo’lgan ko’p qirrali geografik, ijtimoiy-iqtisodiy va demografik jarayondir. U.ning torroq doiradagi demografik statistik tushunchasi dunyoda, alohida hududlarda, mamlakatlarda shaharlarning (ayniqsa, katta shaharlarning) va shahar aholisi salmog’ining ko’payib borishini anglatadi. Urbanizatsiya jarayonining rivojlanishi shaharlarning o’sishi va shahar aholisining shakllanishi, shahar aholisining tabiiy o’sishi, shahar atrofi hududlarining ma‘muriy jihatdan shaharga qo’shilib borishi, qishloq aholi manzilgohlarining shahar maqomini olishi bilan bog’liqdir.