Urbanizm
Urbanizm (lotincha urbs — shahar) — 1) san’at va adabiyotda — yirik shaharlarning va shahar hayotining tasviri, tavsifi; 2) me’morlikda — 20-asr shaharsozligida yuzaga kelgan oqim, yo’nalish. Bu oqim tarafdorlari shaharlarni yiriklashtirishga chaqirdilar: bu esa shaharlarda ko’p qavatli baland va katta imoratlarning tig’iz, jadal qurilishiga, aholining normal yashash sharoitidan mahrum qilishga olib keldi. Urbanizm nazariyasi qaror topishida va, ayniqsa, 20-asrning 20-yillariga kelib tez sur’atda rivojlanishiga Le Korbyuze faoliyati ta’siri kuchli bo’ldi. Urbanizm tushunchasi ko’pincha shahar qurilishi sinonimi ma’nosida ham qo’llaniladi.