Uy pashshasi, uy chivini

Uy pashshasi, uy chivini (Musca domestica) — ikki qanotlilar turkumi haqiqiy pashshalar oilasiga mansub hasharot turi. Kattaligi 5-9 millimetr, keng tarqalgan sinantrop tur. Faqat odam yashaydigan joylarda uchraydi. Bir yilda 9 tagacha, Janubda 15 tagacha nasli rivojlanadi. Urg’ochisi 2 oy yashab, 600 dan 2000 tagacha tuxum qo’yadi. Hayot tsikli (tuxumdan voyaga yetgan davrigacha) harorat va boshqa omillarga qarab 10 sutkadan 45 sutkagacha davom etadi. Qurtlari organik chirindilarda 10-45 kun davomida rivojlanadi. Uy pashshasi har xil o’tkir ichak kasalliklari (ich terlama, ichburug’, vabo va gelmintlar tuxumlari)ni tarqatadi.