Uzluksiz ta’lim
Uzluksiz ta’lim — o’zaro mantiqiy izchillik asosida bog’langan hamda soddadan murakkabga qarab rivojlanib boruvchi va bir-birini taqozo etuvchi bosqichlardan iborat yaxlit ta’lim tizimi.O’zbekiston Respublikasida kadrlar tayyorlash tizimining asosi, ta’lim sohasida davlat siyosatining asosiy tamoyillaridan biri. 1997 yil 29 avgustda qabul qilingan «ta’lim to’g’risida»gi O’zbekiston Respublikasi qonuni va Kadrlar tayyorlash milliy dasturida alohida tamoyil sifatida qayd etilgan. Uzluksiz ta’lim milliy modelning asosiy tarkibiy kismlaridan biri, O’zbekiston Respublikasining ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotini ta’minlovchi, shaxs, jamiyat va davlatning iqtisodiy, ijtimoiy, ilmiy-texnikaviy va madaniy ehtiyojlarini qondiruvchi ustuvor sohadir. Uzluksiz ta’lim ijodkor, ijtimoiy faol, ma’naviy boy shaxe shakllanishi va yuqori malakali raqobatbardosh kadrlar tayyorlash uchun zarur shart-sharoitlar yaratadi. Uzluksiz ta’lim tizimining faoliyat olib borishi davlat ta’lim standartlari asosida, turli darajalardagi ta’lim dasturlarining izchilligi asosida ta’minlanadi va maktabgacha ta’lim, umumiy o’rta ta’lim, o’rta maxsus, kasb-hunar ta’limi, oliy ta’lim, oliy o’quv yurtidan keyingi ta’lim, kadrlar malakasini oshirish va ularni qayta tayyorlash, maktabdan tashqari ta’limni o’z ichiga oladi. Uzluksiz ta’limning faoliyat ko’rsatish tamoyillari quyidagilardan iborat: ta’limning ustuvorligi — uning rivojlanishining 1-darajali ahamiyatga ega ekanligi, bilim, ta’lim va yuksak intellektning nufuzi; ta’limning demokratlashuvi — ta’lim va tarbiya uslublarini tanlashda o’quv yurtlari mustaqilligining kengayishi, ta’limni boshqarishning davlatjamiyat tizimiga o’tilishi; ta’limning insonparvarlashuvi — inson qobiliyatlarining ochilishi va uning ta’limga bo’lgan turlituman ehtiyojlarining qondirilishi, milliy va umumbashariy qadriyatlar ustuvorligining ta’minlanishi, inson, jamiyat va atrof-muhit o’zaro munosabatlarining uyg’unlashuvi; ta’limning ijtimoiylashuvi — ta’lim oluvchilarda estetik boy dunyoqarashni hosil qilish, ularda yuksak ma’naviyat, madaniyat va ijodiy fikrlashni shakllantirish; ta’limning milliy yo’naltirilganligi — ta’limning milliy tarix, xalq an’analari va urf-odatlari bilan uzviy uyg’unligi, O’zbekiston xalklarining madaniyatini saqlab qolish va boyitish, ta’limni milliy taraqqiyotning o’ta muhim omili sifatida e’tirof etish, boshqa xalqlarning tarixi va madaniyatini hurmatlash; ta’lim va tarbiyaning uzviy bog’liqligi, bu jarayonning har tomonlama kamol topgan insonni shakllantirishga yo’naltirilganligi; iqtidorli yoshlarni aniqlash, ularga ta’limning eng yuqori darajasida, izchil ravishda fundamental va maxsus bilim olishlari uchun shart-sharoitlar yaratish. Uzluksiz ta’lim ta’lim jarayonida samarali natijalarga erishish uchun asos bo’lib xizmat qiladi. Ma’suda Hoshimova.