Vafot etgan deb e’lon qilish

Vafot etgan deb e’lon qilish — qonunda belgilangan muddat mobaynida fuqaroning qayerda turganligi haqida doimiy yashash joyida hech qanday ma’lumot bo’lmagan taqdirda uning sud tomonidan vafot etgan, deb tan olinishi. O’zbekiston Respublikasi FK 36-moddasiga binoan, agar fuqaroning qaerda turganligi haqida uning yashash joyida 3 yil mobaynida ma’lumot bo’lmasa, basharti u o’lim xavf solib turgan yoki muayyan baxtsiz hodisadan halok bo’lgan deb taxmin qilish uchun asos bo’ladigan vaziyatlarda bedarak yo’qolgan bo’lib, uning qaerdaligi haqida 6 oy mobaynida ma’lumotlar bo’lmasa, manfaatdor shaxslarning arizasiga muvofiq sud uni Vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin. Harbiy harakatlar munosabati bilan sud bedarak yo’qolgan harbiy xizmatchini yoki boshqa fuqaroni harbiy harakatlar tamom bo’lgan kundan e’tiboran kamida 2 yil o’tgandan keyin Vafot etgan deb e’lon qilishi mumkin. Sudning bu haqdagi qarori qonuniy kuchga kirgan kuni fuqaroning o’lgan kuni, deb hisoblanadi.