Vaqt aylanishi, vaqt inversiyasi

Vaqt aylanishi, vaqt inversiyasi — nazariy hisoblarda vaqt ishorasining o’zgarishi. Klassik mexanika yoki kvant mexanikada ob’ektning so’nggi holatiga qarab dastlabki holati I. Nyuton yoki E. Shryodinger differentsial tenglamalaridan aniqlanadi. Fizik hodisalar o’zgarishini ifodalovchi formulalarda manfiy ishorali vaqt ishtirok qilishi mumkin, bunday formulalardan foydalanib teskari yo’nalishdagi vaqt hisoblab chiqiladi. Vaqt aylanishi tushunchasi elementar zarralar nazariyasida ham muhim ahamiyatga ega. Nazariy hisoblarda to’g’ri va teskari yo’nalishlardagi vaqt o’tishi haqida gapirilsada, haqiqiy moddiy jarayonlarda vaqt faqat bir tomonga qarab o’tadi, ya’ni o’tmishdan kelajakka yo’naladi. Jismlar holatining o’zgarishi, radioaktiv moddalarning yemirilishi, organizmlarning hayot jarayoni va shu kabi tabiat hodisalari vaqtning qaytarilmasligini, uning faqat bir tomonlama o’zgarishini ko’rsatuvchi dalillardir. Vaqtning qaytarilmasligi materiyaning yashash shakllari bo’lgan fazo va vaqt orasidagi muhim tafovutlardan biridir.