Vardonxudot

Vardonxudot — hozirgi Buxoro vohasining shimoliy-g’arbiy qismida joylashgan kichik davlat (6-asr oxiri —8-asr boshi) — Vardonze podshohlarining unvoni. Vardonxudot Zarafshon vodiysidagi hukmdorlar ichida eng kuchlisi bo’lgan. Shuning uchun ham 8-asr boshida Turkistonga kelgan Arab fotihi Qutayba ibn Muslim Vardonxudot bilan bo’ladigan to’qnashuvga alohida e’tibor bergan. Buxoro tarixchisi Narshaxiyning yozishicha: «… Bir vazir Turkistondan kelgan edi: nomi Vardonxudot: Vardona yerlari unga tegishli edi. Qutaybaga u bilan ko’p urush qilishga to’g’ri kelgan edi…». «Tarixi Tabariy»da hikoya qilinishicha, jangda Arab qo’shinlari Vardonxudotdan yengilgach, Qutayba hiyla ishlatib Vardonxudotga yordamga kelgan Sug’d hokimi tarxun bilan sulh tuzib, dushmanni zaiflatib, so’ngra uning ustidan g’alaba qilgan (708-709 yillar).