Vazir

Vazir — Xorazm vohasining o’rta asr shahar-qal’alaridan biri. Tarixiy manbalarga ko’ra, shayboniylardan Mustafoxon tomonidan 15-asr o’rtalarida asos solingan. Ko’hna Urganchdan 60 kilometr masofada. Shayboniylarning Xorazmdagi mulki markazi. 15-asrda Husayn Boyqaroga qarshi ko’tarilgan xalq harakati markazi. 16-asrda Eron shohi Ismoil I Safaviy istilosiga qarshi Vazirda ko’tarilgan harakat Xorazm mustaqilligini tikladi. Xonlik taxtiga Burka Sulton o’g’li Elbars o’tqazilishi bilan Xorazmda 200 yil hukmronlik qilgan Shayboniylar sulolasiga asos solindi. Shayboniy sultonlarning 16-asrdagi o’zaro kurashlarining kuchayishi Vazirning vayron bo’lishiga olib keldi. Masalan, 1537 yilda Buxoro xoni Ubaydullaxon, 1593— 98 yillarda Abdullaxon Xorazmga bir necha marta yurish qilib, Vazir, Hazorasp qal’alarini vayron qildi. Shuning uchun ham 17-asrda Abulg’oziy Bahodirxon xonlik markazini yangi Urganchga o’tkazib, Vazir aholisini ham ko’chirtirib keltirdi. Anushaxon davrida, taxminan 1681 yilga kelib Vazir va Kat shaharlari kimsasiz huvillab qoldi. Arxeologik qazishlar natijasida Devkeskan qal’ada Vazir xarobalari topilgan.