Vegetarianlar kimlar?
Vegetarianlar — bu, faqat o’simliklar va o’simlik-sut taomlaridan tanavvul qiluvchi kishilardir. Darvoqe, bu narsa qandaydir parhez yo’li bo’lmasdan, balki odatdagi kundalik amaliyotdir. Bular, odamzotni ko’katxo’r mavjudot deb hisoblovchi kishilar bo’lib faqat muz davrigina bizni go’sht iste’moliga o’tishga majbur qildi, deb hisoblaydilar. Chunki yeyish uchun boshqa hech narsa qolmagan, barcha o’simliklar muzlab bitgan edi. Ular o’z fikrlarini shunday davom ettiradilar: odamzot tishlarining joylashuviga, uning ovqat hazm qilish tizimiga bir nazar tashlang. Ular yirtqichlarda mavjud bo’lganidan tubdan farqlanadi! Odamzot nasli umr bo’yi tonnalab o’zgalarga tegishli yemishlarni chaynash va hazm qilish asnosida o’ziga-o’zi azob berib kelayotir! Vegetarianlarning mulohazasi shunaqa. Ular aslida go’sht va baliq etidan asosan ikki sababga ko’ra tiyiladilar: shaxsiy salomatliklari xususida qayg’urish va shaxsiy aqidalariga sodiq qolish. Mabodo birinchi sabab ma’lum ma’nodan aniq-ravshan bo’lsa-da, — «ma’naviy jihatdan» vegetarianlarni tushunish uchun buyuk zotlarning a’moliga murojaat qilmasdan ilojimiz yo’q. Binobarin ulug’adib L. N. Tolstoy chinakam ma’naviyat shafqatsizlik va zo’ravonlikdan ajralib chiqishi lozim deb hisoblagan. «Odamzot go’sht tanavvulidan voz kechish bilan tirik mavjudotlarni qiyratish uchun shaxsiy javogarlikni o’zidan soqit qiladi», deya ta’kidlagandi daho adib. «Inson begunoh mavjudotlarning murdasini» yeya olmaydi deya taxmin qilgan ingliz dramaturgi Bernard Shou ham xuddi shunday nuqtai nazarda bo’lgan. Qizig’i shundaki, birgina oltmish millionli aholisi bo’lgan Buyuk Britaniyada uch yarim milliondan ortiq vegetarianlar bor. Ulardan har 16-si meva-cheva yeb kun kechiradi! Vegetarianlar jamiyatiga bu mamlakatda ko’pincha oila-oila bo’lib kirishadi. Umuman olganda, ko’rib turganingizdek, vegetarianlik — bu nafaqat o’ziga xos ovqatlanish tizimi, qolaversa inson o’zini-o’zi takomillashtirishining o’ziga xos shakli hamdir. Kim bilsin, balki kelajak ular izmidadir?