Vegetativ ko’payish

Vegetativ ko’payish — vegetativ organlar yoki ularning bir qismidan yangi organizm paydo bo’lishi; ko’p hujayralilar uchun xos. Vegetativ ko’payishda ham bir hujayralilarning jinsiy ko’payishi singari klonlar — genetik jihatdan bir xiddagi individlar guruhi vujudga keladi. 1. O’simliklarda Vegetativ ko’payish tallom ixtisoslashmagan qismining ajralishi (ko’pchilik suv o’tlari va yuksak zamburug’lar) yoki tallomdan ixtisoslashgan qismlar ajralishi (xarasimon suv o’tlarida tuganaklar, sfatsellyariya suv o’tida bachki kurtaklar, lishayniklarda sorediyalar va izidiyalar, zamburug’larda sporalar) orqali ko’payishdir. Yuksak o’simliklarda Vegetativ ko’payish regeneratsiya qobiliyatidan, moxsimonlarda esa ona organizmning bir necha bo’lakka bo’linishidan iborat. Plaunlar, ochiq urug’li yoki gulli o’simliklarda Vegetativ ko’payish yer ustki o’rmalovchi yoki yotib o’suvchi poya qismining bir bo’lagi hisobiga amalga oshadi. Ixtisoslashgan Vegetativ ko’payish rivojlanayottan yosh organizmlar va ularning boshlang’ichi (tushib ketadigan kurtaklar, barg yoki ildizdagi qo’shimcha kurtaklar), novdadan hosil bo’ladigan ixtisoslashgan qismlar (tuganak, piyozboshi, bachki ildizlar) orqali sodir bo’ladi. Vegetativ ko’payish har yili yoki ikki yilda bir marta, ko’p yillik o’simliklarda esa bir necha yilda bir marta ro’y beradi. Vegetativ ko’payish vegetativ organ hujayralarining ko’payib ketishi va paydo bo’ladigan yangi individlarning yangi maydonni egallashidan iborat. Vegetativ ko’payish xiliga qarab hosil bo’ladigan har xil tipdagi klonlardan o’simliklar selektsiyasida foydalaniladi. 2. Hayvonlarda Vegetativ ko’payish bo’linish (tana bir qismining ajralib chiqib yangi organizm hosil qilishi) yoki kurtaklanish orqali sodir bo’ladi. Ko’p hujayralilar orasida Vegetativ ko’payish govaktanlilar, bo’shliqichlilar, yassi chuvalchanglar, mshankalar va ayrim halqali chuvalchanglarda; xordalilar orasida qobiqlilarda uchraydi.