Vellington, Uellington

Vellington, Uellington (Wellington) — yangi Zelandiya poytaxti, Shimoliy orolining Janubda, tinch okeanning Port-Nikolson qo’ltig’ini o’rab turuvchi tog’yon bag’rida joylashgan. Iqlimi subtropik dengiz iqlim, yanvarning o’rtacha temperaturasi 16°, iyulniki 8°, yillik yog’in qariyb 1445 millimetr. Tez-tez zilzila bo’lib turadi. Aholisi 335,5 ming kishi (1996). Dengiz porti (yuk ortish va tushirish 15 million tonna). Chetga go’sht, jun, yog’, sut mahsulotlari, mevalar, qishloq xo’jalik mashinalari chiqariladi, chetdan sanoat mahsulotlari, bug’doy, choy, kofe, kakao keltiriladi. Xalqaro aeroport bor. Mamlakatning muhim iqtisodiy va madaniy markazi. Oziq-ovqat, mashinasozlik, metallurgiya, yog’ochsozlik, qog’oz, yengil sanoat korxonalari mavjud. Universitet, politexnika instituti, yangi Zelandiya Qirollik jamiyati, yangi Zelandiya nafis san’at akademiyasi, milliy rasmlar galereyasi, milliy muzey, teatrlar va botanika bog’i bor. Shaharga ingliz mustamlakachilari tomonidan 1840 yilda asos solingan. Ingliz davlat arbobi, gersog A. Vellington (1769-1852) nomi bilan atalgan. 1865 yildan poytaxt.