VENA KONGRESSI

VENA KONGRESSI (1814-1815) — Napoleon I armiyasi tor-mor etilgach, g’olib davlatlar Vena shahrida o’tkazgan anjuman. Vena kongressida Turkiyadan tashqari barcha Yevropa davlatlari qatnashgan. Maqsad Napoleon I urushlari natijasida barham topgan tartiblarni va bir necha mamlakatlarda mustabid sulolalarni qayta tiklash, inqilobiy harakatlar hamda yangi urushlarga yo’l qo’ymaslik, g’olib davlatlarning hududiy da‘volarini qondirish kabi masalalarni ko’rib chiqishdan iborat edi. Vena kongressida Fransiyaning yangi chegarasi tortishuvsiz belgilandi. uning uchun anchagina engil sulh shartnomasi tuzildi. Avstriya, Angliya, Ispaniya, Portugaliya, Prussiya, Rossiya, Fransiya, Shvetsiya yakunlovchi bosh hujjatga imzo chekishdi. Unga ko’ra, Fransiya bosib olgan yerlaridan ajraldi. Belgiya va Gollandiya Niderlandiyaga birlashtirildi, Shveysariya chegarasi kengaytirilib, betaraf davlat deb e‘lon qilindi. Angliya Gollandiya va Fransiya mustamlakalarini o’z tasarrufiga oldi. Polsha qirolligi Rossiyaga o’tdi, german davlatlaridan iborat German ittifoqi tuzildi, Avstriyaga Italiyaning talay hududlari olib berildi va h.k.