Veterinariya-sanitariya nazorati

Veterinariya-sanitariya nazorati — chorvachilik fermalari, parrandachilik fabrikalari, go’sht- sut kombinatlari, hayvonot mahsulotlari va xom ashyosini tayyorlash, qayta ishlash, saqlash va tashish bilan shug’ullanadigan korxonalarning veterinariya-sanitariya holati ustidan davlat va ishlab chiqarish nazorati tizimi. Turli kasalliklarning oldini olishda, hayvon va parrandalarni so’yishda, mahsulotlarni tashishda, hayvonlar, hayvonlardan olingan mahsulotlar va xom ashyoni eksport-import va ular bilan savdo qilishda Veterinariya-sanitariya nazorati g’oyat katta ahamiyatga ega. Nazorat tadbirlari aholini yuqadigan kasalliklardan asrash, hayvonlar o’rtasida yuqumli kasallik paydo bo’lishiga yo’l qo’ymaslik maqsadida o’tkaziladi. Veterinariya-sanitariya nazoratining vazifasi go’shtni qayta ishlash korxonalariga veterinariya xizmati ko’rsatish, dehqon bozorlarida mahsulotlarni tekshirib turish, hayvonlarni bir joydan ikkinchi joyga ko’chirish, ularning mahsulotlarini chetga chiqarish va keltirish ustidan nazorat o’rnatishdan iborat. Veterinariya-sanitariya nazorati mamlakatimizdagi hamma veterinariya muassasalari, jumladan go’sht- sut va boshqa oziq-ovqatlarni nazorat qilish stansiyalari, teri, jun mahsulotlarini tekshirish laboratoriyalari, davlat chegara punktlari, go’sht mahsulotlarini qayta ishlash korxonalari qoshidagi ishlab chiqarish-veterinariya nazorat bo’limi tomonidan olib boriladi. Veterinariya-sanitariya nazoratining asosiy tartibi O’zbekistan Respublikasining «Veterinariya to’g’risida» qonunida (1993 yil 3 sentabr) batafsil belgilangan. O’zbekistan Respublikasi qishloq va suv xo’jaligi vazirligi veterinariya bosh boshqarmasi mamlakatda Veterinariya-sanitariya nazoratiga rahbarlikni amalga oshiradigan Markaziy organ bo’lib, uning ko’rsatmalari shu sohadagi idora va korxonalar uchun so’zsiz bajarilishi lozim.