Veterinariya xizmati
Veterinariya xizmati — mamlakat, hududiy zonalar yoki xalq xo’jaligining ayrim tarmoqlarida, korxonalar, transport, davlat chegarasi, qurolli kuchlarda jami veterinariya tadbirlarini amalga oshiradigan veterinariya tashkilotlari va muassasalari majmui. Veterinariya xizmati mamlakatda hayvonlar (shu jumladan parranda, mo’ynali hayvonlar, baliklar, asalarilar) kasalliklarining oldini olish va ularni yo’qotish bilan shug’ullanadi; qishloq xo’jalik hayvonlarining mahsuldorligini oshirishga karatilgan veterinariya tadbirlari o’tkazilishini tashkil etadi; veterinariya-Sanitariya jihatidan xatarsiz hayvonot mahsulotlari va xom ashyo tayyorlanishini ta’minlaydi, aholini odam va hayvonlar uchun umumiy bo’lgan kasalliklar (Zooantroponozlar)dan, mamlakat hududini boshqa davlatlardan hayvonlarning yuqumli kasalliklari kirib kelishidan muhofaza qiladi. Bu vazifalarni bajarish uchun veterinariya ishiga rahbarlik va veterinariya tadbirlarini tashkil etish mamlakat miqyosida markazlashtirilgan holda olib boriladi. Hayvonlarni kasalliklardan muhofaza qilish va davolash ishlari ularni xonakilashtirish davridan boshlangan. Davolash bilan cho’pon, otboqar va boshqa chorvadorlar shug’ullangan. 1929 yil ochilgan Samarqand qishloq xo’jalik institutida veterinariya mutaxassislari tayyorlana boshladi. Viloyatlardagi qishloq xo’jalik va zooveterinariya texnikumlarida veterinariya feldsherlari tayyorlandi. 1959 yil Samarqand viloyatida biologik preparatlar tayyorlaydigan kombinat ishga tushirildi. 1976 yil Samarqandda zararli bo’g’imoyoqlilarga qarshi kurash O’rta Osiyo laboratoriya tashkil etildi (O’zbekiston mustaqillikka erishgach, u O’zbekiston veterinariya-sanitariyasi va akarologiyasi ilmiy tadqiqot institutiga aylantirildi). O’zbekistan Respublikasining «Veterinariya to’g’risida»gi qonuni (1993 yil 3 sentabr)ga binoan mamlakatda davlat veterinariyasi, idoraviy va xususiy Veterinariya xizmati tashkil topdi. Davlat Veterinariya xizmatini qishloq va suv xo’jaligi vazirligi huzuridagi Davlat veterinariya bosh boshqarmasi, viloyatlar va Toshkent shahar davlat veterinariya boshqarmalari, tumanlar, viloyat va tuman bo’ysunuvidagi shaharlarning davlat veterinariya bo’limlari, ular qaramog’idagi hayvonlar kasalliklariga qarshi kurash stansiyalari (tuman veterinariya stansiyalari), diagnostika markazlari, veterinariya shifoxonalari, laboratoriyalari, ekspeditsiyalari, hayvonlar kasalliklariga qarshi kurash qismlari, dehqon bozorlaridagi veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari va davlat veterinariya tarmog’ining boshqa muassasalari amalga oshiradi. Idoraviy Veterinariya xizmati vazirlik, idora, korxona, muassasa va tashkilotlar tasarrufida bo’lib, veterinariya mutaxassislari o’z vakolatlari doirasida hayvonlarga idoraviy veterinariya nazorati va Veterinariya xizmati ko’rsatishni amalga oshiradi. Xususiy Veterinariya xizmati bilan veterinariya vrachi bo’lgan O’zbekistan Respublikasining fuqarolari va boshqalar, shuningdek veterinariya feldsherlari va texniklari veterinariya vrachi nazoratida shug’ullanishi mumkin. Respublikadagi chorva va uy hayvonlarida 80 dan ortiq tur va yuqumli, gijja kasalliklari uchraydi. Ularga qarshi kurashda oldini olish tadbir-choralari, emlash, gijjasizlantirish ishlari olib boriladi. Shunga qaramay suturish, leptospiroz, salmonellyoz, teylerioz, qorason, fasallyoz, gemonxoz, tsenuroz, exinokokkoz, manezioz kabi kasalliklar vaqt-vaqti bilan chorvaga katta ziyon yetkazadi. Keyingi yillarda respublikada qoramollar o’lati, otlar manqasi, plevropnevmoniya kabi chorva mollariga qiron keltiradigan kasalliklar kuzatilmadi. Respublika davlat Veterinariya xizmati tarmog’ida 2504 nafar veterinariya vrachlari, 2486 nafar veterinariya feldsherlari; idoraviy Veterinariya xizmati tarmog’ida 1719 nafar veterinariya vrachlari va 2872 nafar veterinariya feldsherlari, xususiy Veterinariya xizmati tarmog’ida esa 1231 nafar veterinariya mutaxassislari ishlaydi. Davlat Veterinariya xizmati tizimida 13 viloyat veterinariya bo’limi, 165 ta tuman veterinariya shoxobchalari, 13 viloyat veterinariya laboratoriya, 126 tuman va tumanlararo veterinariya laboratoriyalari, 246 veterinariya-sanitariya ekspertizasi laboratoriyalari, 55 uchastka veterinariya shifoxonalari mavjud (1998). Abdulla Quranboev, Muboshir Musayev.