Veto

Veto (lotincha veto — taqiqlayman) — rivojlangan davlatlarda bironta organ, tashkilot qonuni yoki qarori-ning kuchga kirishini to’xtatish yoki kuchga kirishiga yo’l qo’ymaslik huquqi. Davlat boshlig’i qonun chiqaruvchi parlament, oliy majlis qabul qilgan qonunlar bo’yicha Veto huquqiga ega. Mutlaq Veto — davlat boshlig’ining parlament qabul qilgan qonunni uzil-kesil rad qilish huquqi; nisbiy Veto — davlat boshlig’ining qonun kuchga kirishini faqat to’xtatib qo’yadigan rad javobi; bunda parlamentga mazkur qonunni 2-marta ovozga qo’yish bilan qabul qilish huquqi beriladi; umumiy Veto — butun hujjatni yaxlit holda rad etish imkoni; qisman Veto — biron-bir hujjatning ayrim qismlari yoki moddasigina rad qilinishi. Ba’zan parlamentning yuqori palatasi ham quyi palataning qarorini taqiqlashda Veto huquqidan foydalanadi. Xalqaro huquqda: BMT Ustavining 27-moddasiga binoan BMT Xavfsizlik Kengashining doimiy a’zolari Veto huquqiga ega. Xavfsizlik Kengashida muhokama qilinadigan masalalar Kengash a’zolarining bir fikrda bo’lishini talab qiladi. Ulardan birortasi muhokama qilinayotgan qarorning qabul qilinishiga rozilik bildirmasa, qaror rad qilingan hisoblanadi.