Vildanov Rumil Jiangirovich
Vildanov Rumil Jiangirovich (1939.24.11, Bishkek -1987.18.2, Moskva, Toshkentda dafn etilgan) — kompozitor, O’zbekistonda xizmat ko’rsatgan san’at arbobi (1977). Toshkent konservatoriyasini (1962, kompozitsiya bo’yicha) bitirgan. 1962-68 yillari va 1982 yildan Toshkent konservatoriyasida o’qituvchi. 4 simfoniya (1962, 1967, 1968, 1971), 2 fortepiano (1965, 1968) va skripka (1968) kontsertlari, oratoriya, kantata, simfonik poema, torli kvartet va boshqa kamer asarlar, xor, romans va qo’shiqlar muallifi. 1970-yillardan asosan kinomusiqa bilan shug’ullangan. 100 dan ortiq badiiy, hujjatli, multiplikasion va telefilmlarga musiqa yozgan. Muqimiy teatrida «o’n ikkinchi kecha», (Shekspir asari asosida, 1971), «Andro va Sandro» (T. Xugaev asari asosida, 1975) musiqali komediyalari, Navoiy teatrida «notanish ayol», «zaharlangan hayot», «Elegiya» bir aktli baletlari sahnalashtirilgan (1980). Hamza nomidagi O’zbekiston davlat mukofoti laureati (1983).