Virusologiya instituti
Virusologiya instituti -O’zbekiston Fanlar Akademiyasi virusologiya instituti — odamlar uchun o’ta xavfli bo’lgan yuqumli kasalliklar, jumladan viruslar qo’zgatadigan kasalliklarning tarqalishi, viruslarning tashqi muhitda saqlanishi qonuniyatlarini o’rganadigan, fundamental va amaliyot uchun tadqiqotlar olib boradigan institut. O’rta Osiyo mintaqalarida viruslarning tarqalishi, virusli kasalliklar rivojlanishining mintaqaviy qonuniyatlarini o’rganish maqsadida sobiq Ittifoq tibbiyot Fanlar Akademiyasi D.I. Ivanovskiy nomidagi virusologiya institutining Toshkentdagi filiali sifatida 1978 yilda tashkil etilgan. 1988 yildan O’zbekiston Sog’liqni saqlash vazirligiga qarashli mustaqil institut, 1991 yildan Tibbiyot Fanlar Akademiyasi O’rta Osiyo bo’limi instituti, 1994 yildan O’zbekiston Fanlar Akademiyasi qaramog’ida. Institutda gepatit viruslarini aniqlash va tashhislash, virusli gepatitlar epidemiologiyasi, bolalar va kattalarda uchraydigan Gepatitlar klinikasini o’rganish, jigar hujayralarini immunelektron mikroskopik morfologiyasini o’rganish, interferon, detoksikasiya, arboviruslarni o’rganish laboratoriyalari bor. Virusologiya institutining ilmiy yo’nalishi Respublikada virusli gepatit hamda arboviruslarga xos kasalliklarning viruslarini aniqlash va ularning o’ziga xos hamda ular keltirib chiqaradigan kasalliklarning rivojlanishi va kechishi qonuniyatlarini o’rganishga qaratilgan. Institut virusli kasalliklarni o’z vaqtida aniqlash va oldini olish, asoratlarini tugatish tadbirlarini ishlab chiqadi va tibbiyot amaliyotiga tatbiq etadi. 20 yil davomida olib borilgan tadqiqotlar natijasida MDH davlatlari orasida birinchi bo’lib virusli gepatitning A, V, S, D, E turi borligi va ular o’ziga xos qonuniyatlar hamda farqlarga ega ekanligi, epidemiologiyasi, klinik rivojlanishi va qoldirajak asoratlari bilan ham bir-biridan farq qilishi aniqlanadi. 1988 yilda Virusologiya instituti tashabbusi bilan V gepatitga qarshi o’tkazilgan emlash tufayli bu kasallikning kamayishi isbotlandi va shu asosida dastur hamda loyihalar ishlab chiqildi. Mintaqada arboviruslarning turlari, ularning ekogeografiyasi aniqlandi. Bir mintaqadan ikkinchi mintaqaga viruslar va ular manbalarining ko’chib yurishi hamda kasallikning ro’yobga chiqishiga oid qonuniyatlar o’rganildi. Interferon laboratoriya O’zbekistonda keng tarqalgan dorivor o’simliklarda viruslarga ta’sir etuvchi moddalarni o’rganish va amaliyotga tatbiq etish bilan shug’ullanadi. Detoksikasiya laboratoriya bemor organizmidagi suyuqliklar va hujayralarda mavjud bo’lgan zaharli moddalarni parchalash va ularni organizmdan chiqarib yuborish usullari ustida izlanishlar olib boradi. Institutda 4 fan Doktori, 15 dan ortiq fan nomzodi va bir qancha ilmiy xodimlar faoliyat ko’rsatadi (2001).