Viskozimetr
Viskozimetr (lotincha viscosus — qovushoq va …metr) — suyuqlik va gazlarning qovushoqligini aniqlaydigan asbob. Kapillyar, rotatsion, sharchali, ultratovush Viskozimetrlari keng tarqalgan. Kapillyar Viskozimetrning ishi ingichka dumaloq naycha (kapillyar)dan ma’lum hajmli (miqdorli) suyuqlik yoki gazni o’tkazib ko’rishga asoslangan. Rotatsion Viskozimetrda sinaladigan qovushoq modda ikki o’qdosh jism (tsilindrlar, konuslar, sferik jismlar) orasidagi tirqishga solinadi. Jismlardan biri (rotor) aylanadi, ikkinchisi qo’zg’almay turadi. Qovushoqlik burovchi momentga (burchak tezligi ma’lum) yoki burchak tezligiga (burovchi moment ma’lum) qarab aniqlanadi. Sharchali Viskozimetrda qovushoqlik sinalayotgan modda ichida sharning harakatlanish tezligiga qarab aniqlanadi. Ultratovush Viskozimetrning ishi magnitostriktsion materialdan yasalgan va sinalayotgan modda ichiga solingan plastinka tebranishlarining modda ichida so’nish tezligini o’lchashga asoslangan. Bu Viskozimetrlar qovushoqlikni dinamik (Pas.) va kinematik (m2/s) qovushoqlik birliklarida ifodalashga imkon beradi. Suyuqliklarning qovushoqligini shartli birliklarda o’lchashga imkon beradigan Viskozimetr ham bor. Bunday Viskozimetr darajalarga bo’lingan naychali idishdan iborat. Bunday Viskozimetrda qovushoqlik muayyan vaqg mobaynida naychadan oqib o’tgan suyuqlik hajmiga qarab aniqlanadi. Bunda qovushoqlik sekund (s)da va Engler gradutsidya o’lchanadi.