VIZA
VIZA (ruxsatnoma, rozilik, imzo) — 1) davlatlararo munosabatlarda va diplomatiyada — davlatdan chiqib ketish, davlat hududiga kirib kelish yoki davlat hududi orqali tranzit o’tib ketish uchun shaxsga ruxsat etilishi to’g’risida pasportga yoki uning o’rniga o’tadigan hujjatga qo’yilgan belgi. Viza muayyan muddatga beriladi. Davlatlar vizasiz kirib kelish va chiqib ketish haqida bir-birlari bilan kelishib olishlari mumkin. Chiqib ketish uchun Viza odatda davlatning tashqi ishlar vazirligi tomonidan, kirib kelish yoki tranzit o’tib ketish uchun tegishli davlatning boshqa davlatdagi konsullik muassasasi yoki diplomatik vakolatxonasi tomonidan beriladi. Shuningdek, diplomatik Viza ham mavjud bo’lib, bu pasportga qo’yiladigan, shaxsning diplomatik maqomi e‘tirof etilishini bildiradigan belgidir. 2) Davlat va munitsipal organlar amaliyotida — ma‘muriyat bo’linmasi rahbarining, deputatlar komissiyasi raisining, boshqa mas‘ul shaxsning hujjat loyihasiga qo’yiladigan, ushbu matn qo’llab-quvvatlanishini, unga rozilikni anglatuvchi imzosi. Hujjatning bunday shaxs tomonidan imzolanishini odatda rozilik bildirilishi deb ataydilar.