Volgograd

Volgograd (1925 yilgacha Tsarisin, 1961 yilga qadar Stalingrad) — Rossiya Federatsiyasidagi shahar, Volgograd viloyatining markazi. Volga daryosining o’ng sohilida. Yirik daryo porti, aeroport bor. Temir yo’l tuguni. Kema qatnaydigan Volga-don kanalining boshlang’ich punkti. Aholisi 1005 ming kishi (1999). Shaharga 1589 yilda asos solingan. 18-asr oxiriga qadar harbiy istehkom bo’lgan. 1942 yil iyulidan 1943 yil Fevralgacha Volgogradda nemis qo’shinlari bilan shiddatli janglar bo’lgan. Volgograd Rossiya Federatsiyasining yirik sanoat markazlaridan biri. Sanoatning yetakchi tarmoqlari: mashinasozlik va metallsozlik (traktorsozlik, kemasozlik, neft mashinasozligi, motorsozlik va boshqalar), metallurgiya (alyuminiy, quvur, po’lat sim-kanat zavodlari). Yog’ochsozlik, oziq-ovqat sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, elektr energetika ham rivojlangan. Konserva, margarin, sut, pivo zavodlari, konditer fabrikasi, go’sht kombinatlari, temir-beton, uysozlik zavodlari, yengil sanoat korxonalari (ko’n zavodi, tikuvchilik fabrikalari va boshqalar) bor. Volgogradda 7 oliy o’quv yurti (shu jumladan 3 universitet), 5 teatr, muzeylar (Mamay qo’rg’onidagi yodgorlik ansambli, o’lkashunoslik muzeyi, tasviriy san’at muzeyi va boshqalar), mavjud.