Xalq ta’limi rahbar xodimlari malakasini oshirish markaziy instituti

Xalq ta’limi rahbar xodimlari malakasini oshirish markaziy instituti, Abdulla Avloniy nomidagi xalq ta’limi rahbar xodimlari malakasini oshirish Markaziy instituti — O’zbekistondagi eng yirik o’qituvchilar malakasini oshirish instituti. 1934 yil 4 mayda Xalq ta’limi kadrlari malakasini oshirish inti nomi bilan tashkil topgan. 1941— 64 yillarda Respublika o’qituvchilar malakasini oshirish instituti, 1964 yildan o’qituvchilar malakasini oshirish va qayta tayyorlash Markaziy instituti, 1992 yildan xalq ta’limi xodimlari malakasini oshirish markaziy instituti, 2001 yildan xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va malakasini oshirish instituti deb atalgan. 2004 yil 10 dekabrdan hozirgi nomda. Institutga Abdulla Avloniy nomi 1992 yilda berilgan. Institutning asosiy vazifasi xalq ta’limi rahbar va pedagog xodimlari malakasini oshirishdir. Institut O’zbekistonda xalq ta’limi tizimi rahbar hamda pedagog kadrlarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish, shu masalalar bo’yicha ilg’or tajribalarni o’rganish o’quvmetodik markazi hisoblanadi. Institut respublikadagi pedagoglarni qayta tayyorlash va malakasini oshirish intlarining o’quv-metodik hamda ilmiy faoliyatlarini muvofiqlashtiradi. O’z faoliyati yo’nalishi bo’yicha ilmiy, metodik qo’llanma, tavsiya va axborotnomalar tayyorlaydi va nashr etadi. Xalqaro hamda xorijiy ta’lim muassasalari bilan hamkorlik qiladi. Institutda 1992 yildan ilmiy kengash va 1998 yildan aspirantura faoliyat ko’rsatadi. Institutda 7 kafedra, 5 bo’lim, masofadan o’qitish markazi, o’qituvchilar uyi, sanatoriy-profilaktoriy mavjud. Institutda 5 fan doktori va professor, 16 fan nomzodi va dotsent ishlaydi (2004). Institutda har yili 4500 ga yaqin xalq ta’limi rahbar va pedagog xodim o’z malakasini oshiradi. Malaka oshirish kursini tugatganlarga kursni tugatganligi to’g’risida O’zbekiston Respublikasi Xalq ta’limi vazirligi tomonidan tasdiqlangan namunadagi guvohnoma topshiriladi. Saidqosim Usmonov.