Xalqaro geologik kongresslar

Xalqaro geologik kongresslar — geologlar ilmiy birlashmasi (IUGS)ning har 3-4 yilda bir marta o’tkaziladigan xalqaro anjumani. Xalqaro geologik kongresslarga 141 davlat geologlarining milliy qo’mitalari (jumladan, O’zbekiston geologlari Milliy qo’mitasi) hamda 38 ga yaqin yer haqidagi fanlarning tor mutaxassisliklari bo’yicha xalqaro geologik uyushma va tashkilotlari a’zo. Xalqaro geologik kongresslarning asosiy vazifasi — yer haqidagi fanlar bo’yicha nazariy va amaliy tadqiqotlarga yordam berish; mineral xom ashyo turlariga bo’lgan ehtiyojni o’rganish va xom ashyo bilan ta’minlash yo’llarini ishlab chiqish; konlarni o’zlashtirish; ichimlik suvi muammolari; zilzilashunoslix va boshqalar bo’yicha ma’lumotlar va tajriba almashishdan iborat. 1875 yilda qabul qilingan Nizomga muvofiq, Xalqaro geologik kongresslar har safar navbat bilan turli mamlakatlarda o’tkaziladi. 2004 yilgacha jami 32 ta Kongress bo’lib o’tgan; ilk bor 1878 yil Parijda — navbatdagi so’nggisi 2004 yil Florentsiya (Italiya) shahrida bo’lib o’tdi. Har bir sessiya muayyan ilmiy mavzuga bag’ishlanib, asosan, ingliz tilida olib boriladi. Unda eng yaxshi ilmiy ish uchun Spendiarov mukofoti (1897 yil Rus Geologi L.A. Spendiarov xotirasiga ta’sis etilgan) beriladi. An’anaga ko’ra, bu mukofot sohibi Kongress o’tkazilayotgan mamlakatning eng iqtidorli yosh olimi bo’lishi kerak.