Xalqaro tashkilotlar
Xalqaro tashkilotlar — davlatlarning yoki hukumat qaramog’ida bo’lmagan milliy jamiyat (assotsiatsiya) larning siyosiy, iqgisodiy, ijtimoiy, fantexnika, madaniyat va shu kabi sohalarda umumiy maqsadlarga erishish uchun tuzilgan uyushmasi; davlatlar o’rtasidagi ko’p tomonlama hamkorlikning eng muhim shakllaridan biri. Xalqaro tashkilotlar 19-asrda vujudga keldi va 2-jahon urushidan keyin ko’plab tuzila boshladi. Hozirgi kunda Xalqaro tashkilotlarning soni 4 mingdan ortiq bo’lib, 300 tasi hukumatlararo tashkilotdir. Xalqaro tashkilotlar o’ziga xos bir qancha xususiyatlari bilan ajralib turadi. Jumladan, Xalqaro tashkilotlarning tuzilmasi, asosiy maqsad va tashkilot faoliyatining yo’nalishlarini belgilab beruvchi ta’sis hujjati (ustavi) bo’ladi; bunday tashkilotlar doimiy yoki vaqt-vaqti bilan faoliyat yuritadi; ko’p tomonlama muzokaralar va muammolarni muhokama qilish ular faoliyatining asosiy usuli hisoblanadi; qarorlar ovoz berish yoki konsensus yo’li bilan qabul qilinadi; qarorlar, odatda, tavsiyaviy kuchga ega bo’ladi. Hukumatlararo Xalqaro tashkilotlar va nohukumat Xalqaro tashkilotlar, shuningdek, umumjahon va mintaqaviy tashkilotlar farqlanadi. Xalqaro tashkilotlar tashkilot, ittifoq, jamg’arma, bank, agentlik, markaz va shu kabilar nomlar bilan ataladi. O’zbekiston Respublikasi 50 dan ortiq nufuzli Xalqaro tashkilotlarning teng huquqli a’zosidir.