XALQARO VALYUTA FONDI

XALQARO VALYUTA FONDI, XVF (IMF; International Monetary Fund) — BMT ning ixtisoslashgan muassasasi, a‘zo mamlakatlarning valyuta hamkorligini amalga oshiradigan xalqaro tashkilot. 1944-yil 22-iyulda Bretton Vuds (AQSH)da o’tkazilgan xalqaro valyuta moliya kongressida Jahon banki bilan bir vaqtda ta‘sis etilgan. 1947-yil mart oyidan o’z faoliyatini boshlagan. 188 mamlakat a‘zo (2014). Shtab kvartirasi Vashingtonda. Fondning rasmiy maqsadlari: maslahatlar berish va valyuta muammolari bo’yicha hamkorlik qilish orqali xalqaro valyuta hamkorligiga yordam ko’rsatish; xalqaro savdoning kengayishi va muvozanatli o’sishi uchun qulay sharoitlarni yaratish; valyuta kurslarining barqarorligiga yordam berish, raqobat tufayli yuz beradigan valyuta devalvatsiyalarining oldini olish; ko’p tomonlama to’lovlar tizimini yaratishda va jahon savdosini rivojiga to’siq qo’yadigan valyuta almashtirish bilan bog’liq cheklashlarni bartaraf etishda yordam ko’rsatish; a‘zo mamlakatlarga o’z to’lov balanslarini tiklash, shuningdek, ularning xalqaro to’lov balanslari taqchilligi davomiyligi va miqsorini qisqartirish uchun muddatli moliyaviy mablag’lar berish. XVF jahon valyutalari monitoringini olib boradi, barcha mamlakatlar o’rtasida tashkiliy to’lov tizimi faoliyatiga yordam beradi, to’lov balansida chuqur taqchilikka uchragan, shuningdek, o’z valyutasining to’liq konvertatsiyasiga erishmoqchi bo’lgan mamlakatlarga qarz beradi. XVF kapitali a‘zo mamlakatlar to’laydigan va ularning har biri uchun belgilangan kvotaga muvofiq badallar hisobidan tashkil topadi. XVFning rahbar organlari — Boshqaruvchilar kengashi va Muvaqqat qo’mita. Boshqaruvchilar kengashi — oliy organ bo’lib, har bir a‘zo mamlakat tomonidan 5 yilga tayinlanadigan boshqaruvchilar va ularning o’rinbosarlari (odatda, a‘zo mamlakatlar moliya vazirlari yoki Markaziy banki boshkaruvchilari)dan tashkil topadi. Kengash har yili sessiyaga yig’iladi. Muvaqqat qo’mita XVFning 24 boshqaruvchisidan iborat bo’lib, bir yilda ikki marta yig’iladi va Boshqaruvchilar kengashi oldida hisob beradi. XVFning ijroiya organlari — Ijroiya kengash, unga doimiy asosda eng katta kvotalarga ega bo’lgan mamlakatlar tomonidan tayinlanadigan yoki mamlakatlar guruhi saylaydigan 24 ijrochi direktor kiradi. Ijroiya kengash majlislari har haftada uch marta o’tkaziladi. Ijroiya kengash ijrochi direktorni saylaydi. 1992-yil 27-aprelda O’zbekiston XVF a‘zoligiga qabul qilindi va Toshkent shahrida uning vakolatxonasi ochildi.