Xalqlar do’stligi saroyi

Xalqlar do’stligi saroyi — Toshkent shahridagi madaniyat markazlaridan biri; turli tadbirlar (s’yezd, qurultoy, festival va boshqalar) o’tkazish, kontsertlar berishga mo’ljallangan. 1981 yilda ochilgan (me’mori E.Bukina, S.Odilov, E. Rozanov, E.Suxanova, F. Tursunov, V.Shestopalov, E.Shumov va boshqalar). Bino qiyofasi va bezaklarida milliy me’morlikka xos bo’lgan muqarnasga o’xshash shakllardan foydalanilgan; binoni bezashda mahalliy xom ashyolar, Nurota va G’ozg’on marmarlari ishlatilgan. Bino tarhi to’rtburchak shaklda, tarzlariga ishlangan quyosh nurini to’sadigan jimjimador shakllar binoga salobat, kiraverishdagi bal. peshtoqlar ko’rk baxsh etgan. Bino tepasiga sirti marmar bilan qoplangan muqarnasni eslatuvchi yirik yig’ma temir-beton qurilmalar o’rnatilgan. Bino mujassamoti markazida balkonli, amfiteatr shaklidagi 4 ming o’rinli zal turadi (bir oz qiyaroq yon devorlari tomoshalarni yaxshi ko’rish hamda eshitish imkonini beradi). Sahna maxsus qurilmalar (ko’tarilib-tushiriladigan supalar, prezidium, sahna va xor supalarini sahnada siljitishga imkon beradigan transportyor, dekorasiyalarni ko’taribtushiradigan shtanketlar, keng formatli ekran) bilan jihozlangan. Zalda kinotovush texnikasi hamda matnni bir yo’la 8 tilga tarjima qilish apparatlari, maxsus texnologik aloqa tizimi bor. Vestibyul tabiiy toshlardan ishlangan «xalqlar do’stligi», «Bayram», «gullagan o’lka» mozaikalari (rassom A.Buxorboyev) bilan bezatilgan. Prezidium zali gobelen (rassom B. Jalolov), tomosha zali «san’at» mozaikasi (rassom V.Burmakin, R.Nemirovskiy), yog’och o’ymakorligi (usta Q.Haydarov, O.Fayzullayev), banket zali bezaklari (rassom J. Hakimov, A.Ilhomov), yon devorlari sopol laganlar (rassom A.Kedrin) bilan ziynatlangan. Feruza rangli ulkan koshinkori (Toshkent chinni zavodida tayyorlangan) devor saroy intereriga alohida joziba baxsh etgan.