Xara xoto
Xara xoto (mo’g’ulcha — qora shahar) — Edzina (yoxud Xeyjunchen) shaharqal’a xarobasi, G’arbiy Sya davlatining Edzin-Gol daryosi quyi oqimi bo’yidagi harbiy okruglaridan birining markazi. Dastlab 11-asr boshidagi yozma manbalarda qayd etilgan. 1226 yil Chingizxon tomonidan vayron qilingan. P.K.Kozlov boshchiligidagi rus arxeologik ekspeditsiyasi tomonidan (1908, 1909, 1926 yillarda) tadqiq etilgan. To’g’ri to’rtburchak tarxli (440×360 metr) shahar — burj, minoralari, istehkomlari, suburganlari (buddaviy diniy inshootlar) bo’lgan paxsa devor bilan o’ralgan. Do’kon, ustaxona, turar joy, omborxonalar xarobalari saqlangan. Shahar atrofida ekinzorlar, sug’orish kanallari, chorbog’lar joylashgan. Ko’plab mehnat qurollari, hunarmandchilik buyumlari, turli hujjatlar, Xitoy tangalari, yuan sulolasi tomonidan jahonda ilk marotaba chiqarilgan qog’oz pullar topilgan. Suburganlardan birida Budda diniga oid buyumlar (gravyura, haykallar), tangut, Tibet, Xitoy tillarida bitilgan 2000 jilddan ziyod kitoblar va qo’lyozmalar, tangut yozuvini o’qishda asos bo’lgan tangut-xitoy lug’ati va boshqalar chiqqan. Xara xoto topilmalari Sankt-Peterburgdagi Davlat Ermitajida saqlanadi.