Xiva qo’zg’oloni

Xiva qo’zg’oloni — Xiva xoni Asfandiyorxon va uning amaldorlari zulmi hamda podsho Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi ko’tarilgan xalq qo’zg’oloni (1916). Xiva qo’zg’olonining 1-bosqichi (1916 yil 14-30 yanvar)da Xo’jayli hokimi (begi) Avazbiy Xo’ja (Asfandiyorxonning jiyani) boshchiligidagi isyonchilar (600 kishi) Xivaga yo’l olishadi. Ularga yo’l-yo’lakay xonlikning boshqa shahar va qishloqlaridan bosh ko’targan qo’zg’olonchilar ham qo’shilgach, qo’zg’olonchilar soni 3 ming kishiga yetgan. Qo’zg’olonchilar shaxsan xonga murojaat qilib, u va amaldorlarini ra’iyatga zulm qilishdan tiyilishga va shariatga rioya etishga chaqirmoqchi bo’lishgan. Qo’zg’olonchilarning milliy tarkibi o’zbeklar, turkmanlar va qisman qoraqalpoqlardan iborat edi. Qo’zg’olonchilardan taxminan 300 kishi 1916 yil 18 yanvarda Xivaga kelib, xonning amakivachchasi Rahmonqul to’ra (inoq to’ra deb ham aytilgan)ning shahar tashqarisidagi qo’rg’onchasiga kelib tushganlar. Bu holdan dahshatga tushgan Asfandiyorxon Amudaryo bo’limi boshlig’i polkovnik V.P.Kolosovskiyga chopar yuborib, undan qo’zg’olonni bostirishni so’raydi. Kolosovskiyning buyrug’i bilan Polkovnik Goloshevskiy boshchiligidagi rus otryadi Rahmonqul to’ra qo’rg’onchasiga kelib, qo’zg’olon rahbarlari (Avazbiy Xo’ja Murtazobiy Xo’jaev, uning inisi Mahmud Xo’ja; Qiyot hokimi Abdullabek inoq Bobobekov; Gurlan hokimligidan Qutlimurod inoq Ibodullaev va Xudoy berganbek Muhammadniyozov, Mang’it hokimligidan Muhammad Amin darg’a va boshqalar)ni qamoqqa olishgan. Junaidxon boshchiligidagi 3 ming otliq Xiva shahrini qurshovga olgan. Kolosovskiy Xivaga qo’shimcha ravishda harbiy otryadlar yuborishni so’rab, Turkiston general gubernatoriga murojaat qilgan. Xiva qo’zg’olonining 2-bosqichi (1916 yil 1 — 14 Fevral)da asosiy rolni Junaidxon boshchiligidagi turkmanlar o’ynashdi. Bu bosqichda qo’zg’olon Xiva xoni zulmiga qarshi kurashdan podsho Rossiyasi mustamlakachiligiga qarshi milliy ozodlik qo’zg’oloni darajasigacha ko’tarildi. 1916 yil 3-4 Fevralda turkmanlar Toshhovuz, Shohabbos, Qiyot, Gurlan, Mang’it, Qilichboy shaharlari hokimlarini garovga olib, yangi Urganch tomon yo’l oldilar. 7 Fevralda 15 ming kishilik olomon G’oziobod (G’ozovot)ni egallaydi. Junaidxon va Xon Eshon Qo’shko’pirga kelishib, qamoqqa olinganlarni ozod qilishni so’rab, yana Xivaga talabnoma yuborishgan. Biroq Kolosovskiy tomonidan qamoqda yotgan qo’zg’olonchilarning rahbarlari (8 kishi) Xo’jaelida o’ldirilgan edi. 8 Fevralda qo’zg’olonchilar yangi Urganch shahrini egallab, shaharliklardan 50 ming so’m tovon puli undirishgan. Junaidxon egallagan va u hali bormagan hokimliklar aholisi uning fuqaroligini qabul qilishgan. Turkiston o’lkasi general-gubernatori Martsonning Petrogradga — Rossiya harbiy ishlar vaziri nomiga yo’llagan telegrammasida aytilishicha, 8 Fevralda Xonqa hokimligi aholisi eshonlar boshchiligida Junaidxonning fuqaroligiga o’tgan. 10 Fevralda qo’zg’olonchilar Xivani qamal qilishgan. 13 Fevralga o’tar kechasi Junaidxon qo’shini Xivaga kirib, xon saroyini egallaydi. Biroq Asfandiyorxon o’z o’rnida qoldirilib, undan 18 ming so’m tovon puli olingan. Turkiston o’lkasi general-gubernatori Xivadagi qo’zg’olon Zakaspiy oblasti va butun Turkiston o’lkasiga tarqalib ketishidan xavfsirab, Sirdaryo oblasti harbiy gubernatori general-leytenant Galkin boshchiligidagi harbiy otryadni Xivaga yubordi. Galkin jazo otryadi 15 Fevralda Xivaga yetib kelib, Kolosovskiy otryadi bilan qo’shilgan. Xiva qo’zg’olonining 3-bosqichi (1916 yil 15 Fevral — 4 may)ni jazo otryadi tomonidan bostirish jarayoni ana shunday boshlandi. Bu paytda Junaidxon qo’shini Xiva bilan yangi Urganch va Petroaleksandrovsk (hozirgi To’rtko’l) o’rtasidagi telegraf aloqasini uzib tashladi. Biroq Junaidxonning qo’shini butun xonlikdagi shaharlarda sochilib ketganligi sababli u Galkin jazo otryadi siquviga dosh bera olmay, 16 Fevralda Xivani tark etishga majbur bo’ldi. 15 rota, 5 ta kazak yuzligi va 16 ta to’pdan iborat Galkinning jazo otryadi 15 mart ertalab Xivadan G’oziobodga yo’l oddi. G’oziobodda ular qatgiq qarshilikka uchrashdi. 16 martda G’oziobod bosib olinib, shaharga o’t qo’yildi. 19-20 martda Taxta qal’asi egallanib, Junaidxon, Xon Eshon va ularning safdoshlariga qarashli hovlilar vayron qilindi. Junaidxon esa 19 aprelga o’tar kechasi Sundukli daradan Eronga o’tib ketgan. Galkin jazo otryadi 24 aprel — 4 mayda ko’hna Urganch, Xo’jaeli, Porsu, ilonli (Ilalli), Toshhovuz, Gurlan, yangi Urganchda bo’lib, qo’zg’olonchilarni jazolagach, Xivaga qaytadi. Mustamlakachilar xonlik aholisidan katta miqdorda tovon puli (masalan, Xo’jaeli fuqarolaridan 100 ming so’m) olishgan. Jazo otryadi faqat qo’zg’olonchilarni emas, balki ularning oila a’zolari va qarindoshurug’larini ham shafqatsiz jazoladi, tinch aholi vakillari o’ldirildi. Xiva qo’zg’olonining mohiyati podsho va sovet Rossiyasi hukmronlik qilgan davrda soxtalashtirilib, u sun’iy ravishda Progressiv va reaktsion bosqichlarga ajratildi. Faqat 21-asr boshlariga kelib, o’zbek tarixchilari tomonidan bu qo’zgolon o’zining xolis talqinini topmoqda. Ad.: Alekseenkov P., Xivinskoe vosstanie 1916 goda, T., 1930; Xorazm tarixi, 1jild, Urganch, 1997; Polvonniyoz Hoji Yusupov, yosh xivaliklar tarixi (xotiralar), Urganch, 1999. Qahramon Rajabov.