Xogart (Hogarth) Uilyam

Xogart (Hogarth) Uilyam (1697.10.11 — London — 1764.25.10) — ingliz rangtasvir ustasi, grafik rassomi va san’at nazariyotchisi. Londondagi J. Tornxill akademiyasida ta’lim olgan. 1743 va 1748 yillarda Frantsiyada bo’lgan. Xogart asarlari demokratik ruhi, o’ta hayotiy tavsifi, realistik usuli bilan ajralib turadi («kapitan T. Korem», 1740; «Avtoportret», 1745; «qiz qisqichbaqalar bilan» va boshqalar). Biroq Xogartga ingliz hayotidagi nuqsonlarni fosh etuvchi Yevropa ma’rifatparvarligi ruhidagi hajviy kartinalari va gravyuralari shuhrat keltirdi («urf bo’lgan nikoh» gravyuralari, 1743-45; «Jin tor ko’chasi» va «pivo ko’chasi» gravyuralari, 1751; «saylovlar», taxm. 1754 va boshqalar). Xogart «Go’zallik taxlili» nazariy risolasida hayotni uning o’ziga xos ko’rinishida bera oladigan asimmetrik, differentsial shakllarni dalil qo’llashga undaydi; uning g’oya va asarlari 18-asr Yevropa madaniyatiga kuchli ta’sir ko’rsatgan (Angliyada — L. Stern, Germaniyada — E. Lessing, G.K.Lixtenberg va boshqalar).