Xoja Doniyor maqbarasi
Xoja Doniyor maqbarasi — Samarqanddagi me’moriy yodgorlik (20-asr boshlarida qurilgan). Afrosiyob qo’rg’onining kunchiqar tomonida, Siyob arig’i yoqasida. Avliyo Xoja Doniyor qabri ustida qurilgan. Cho’ziq (15 metrga yaqin) to’rtburchak tarhli, peshtoq, besh gumbazli xonadan iborat. Peshtog’i (shimol tomonda) hamda uning ikki yonidagi qubbali, ko’zasimon kursili guldastalari ganch o’ymakorligi bilan bezatilgan, yon tomonlariga ham ravoqlar ishlangan. Maqbara ichida cho’zinchoq daxma bor. Maqbara yaqinidagi buloq aholi orasida tabarruk hisoblanadi. Abu Tohirxojaning «Samariya» asarida yozilishicha, Xoja Doniyor (Doniyol) Kusam ibn Abbosning safdoshlaridan bo’lgan.