Xo’ja ilg’or masjidi
Xo’ja ilg’or masjidi – Qo’qondagi me’moriy yodgorlik (20-asr boshi). Shokir mingboshi buyurtmasi bilan otao’g’il ustalar Eshonxon va Norboylar qurishgan. Masjid to’rtburchak tarhli (40×13 metr), uch ustunli, atrofi uch tomondan ayvon bilan o’ralgan. Xonaqohning g’arbiy devoriga va ayvoniga mehroblar ishlangan, shifti islimiy naqshlar, qirrali tag ustunlar handasiy naqshlar bilan serhasham bezatilgan. Gul va naqshlarning o’zaro uyg’unligi va rang-barangligi e’tiborni tortadi. Masjidning shimoliy tomonida hovuz bo’lib, atrofiga daraxtlar ekilgan. Qashqadaryo viloyatidagi me’moriy yodgorlik (16-17-asrlar); «Imkonagiy» nisbali olim, Shayx Xo’ja Abduboqiy tomonidan qurilgan (nomi shundan). Xo’ja ilg’or masjidi dastlab qishloq qabristoni tepaligidagi yuqori (xonaqoh va 2 daxma) va tepalik yon bag’ridagi quyi (o’zaro tutashgan 2 hovli atrofida joylashgan masjid, madrasa, karvonsaroy) inshootlar guruhidan iborat majmua tarkibida bo’lgan. Yuqori va quyi guruhi inshootlar g’ishtdan qurilgan devor ustidagi yo’l (pandus) orqali birlashgani bilan o’ziga xos me’moriy mujassamot yechimiga ega bo’lgan. Quyi guruhdagi inshootlar 20-asr 60-yillari buzilgan, yuqori guruhtsagi xonaqoh va (2 katta va kichik) daxma saqlangan. Xonaqoh to’g’ri to’rtburchak (24,0×20,2 metr) tarhli, an’anaviy gumbaz tomli, tarzlari peshtoqli (asosiy kirish qismidagi peshtog’i boshqalaridan birmuncha baland); devorlardagi ravoqli darchalarga ganchkori panjaralar, bino burchaklariga guldastaminoralar ishlangan; mehrobi serhasham bezatilgan — murakkab iroqi muqarnas hamda chaspak usulidagi namoyonlar diqqatni tortadi. Katta va kichik daxmalar ustidagi oq marmar qabrtoshlarining yon tomonlari kulrang marmar bilan qoplangan, ular yuzasi handasiy (to’rtburchak, murabba va boshqalar) shakllarga bo’linib, o’yma naqshlar bilan nafis bezatilgan.