Xo’ja Parixontepa, Xo’ja Farxon
Xo’ja Parixontepa, Xo’ja Farxon — Toshkentdagi ilk o’rta asrlarga oid arxeologik yodgorlik, otashparastlar qabristoni (milodiy 6-7-asrlar). Beruniy shohko’chasi bilan Niyozov ko’chalari kesishgan yerda joylashgan. 1988 yil Toshkent arxeologiya ekspeditsiyasi (M.I. Filanovich) tomonidan o’rganilgan. Xo’ja Parixontepa marhumlar ossuariylarda dafn etilgan nekropol ekanligi aniqlangan. Xo’ja Parixontepaning o’tmishda balandligi 5 metr bo’lgan. Xo’ja Parixontepaning ustki qatlami 20-asr boshida qabriston bo’lib tojik mozor deb atalgan. Xo’ja Parixontepada Qoraxoniylar davrida xumdon bo’lgan. Xo’ja Parixontepadan topilgan ko’plab ossuariylar Choch va Iloq aholisi o’rtasida islomdan avval zardushtiylik keng tarqalgani, Sug’d va Xorazm bilan yaqindan aloqalar mavjud bo’lganidan dalolat beradi. Xo’ja Parixontepa o’rnida hozir zamonaviy binolar bunyod etilgan.