Xo’jakent rasmlari

Xo’jakent rasmlari – Chatqol tog’tizmasining g’arbiy yon bag’ridagi qoyatoshlarga ishlangan rasmlar. Toshkent viloyati Bo’stonliq tumani hududi. 1949-50 yillarda arxeolog X. Alpisboyev topgan, A. Kabirov (70-yillar), M. Xo’janazarov (80-yillar) tomonidan o’rganilgan. Bu noyob qoyatosh yodgorliga o’zining mazmuni, mavzusi, uslub xususiyatlari va tuzilishi jihatidan rang-barangdir. Ularning ishlanish texnikasi, uslubi, saqlanishi hamda joylanishi, shuningdek raem sirtining kuyish darajasi, ba’zi rasmlarning ustiga boshqa rasmlarning ishlanganligiga ko’ra, ular bir vaqtda emas, balki bir necha tarixiy davr mobaynida vujudga kelganligi aniqlandi. Demak, Xo’jakent rasmlarining eng qadimgi miloddan avvalgi 4—3-ming yillikka mansub, miloddan avvalgi 1-ming yillikning 2-yarmi va milod boshlariga taallukli rasmlar ham mavjud. Xo’jakent rasmlarida odam, it, xo’kiz, arxar, tog’ echkisi, kiyik, ot, o’qyoy, handasiy shakl va boshqalar tasvirlangan bo’lib, ular qattiq buyum (tosh, temir) bilan soya, oddiy chiziqlar, shakl ko’rinishi uslubida urib cho’kichlab ishlangan; rasmlar orasida boshsiz va qo’lsiz qilib ishlangan uch ayol tasviri realistik tarzda nozik ishlangan. Qadimgi san’atda ayollar tasviri va haykalchalari juda kam uchraydi. Neolit va eneolit davriga oid arxeologik yodgorliklarning ko’pchiligidan ayollar haykalchalari topilgan, lekin shu davrga oid qoyatosh rasmlarida ayol tasvirlangan yodgorlik deyarli uchramaydi. Shu sababli Xo’jakentdan topilgan uch ayol tasviri Markaziy Osiyoda neolit va eneolit davri uchun yagona va juda nodir hamda qimmatlidir. Rasmlarning aksariyati yaxshi saqlangan, ayrim rasmlargina tabiat hodisalari oqibatida emirilgan, sinib tushgan va yorilgan. Xo’jakent rasmlari arxeologik yodgorlik, qadimgi xalq hayotining ba’zi tomonlarini hamda shu joylarning hayvonot olami tarixini o’rganishda tarixiy manba va ibtidoiy odamlarning tasviriy san’ati sifatida muhim ahamiyatga ega.