Xo’jayev Toshxo’ja Umarovich
Xo’jayev Toshxo’ja Umarovich (1922.1.9 Toshkent 1975.22.5) rejissyor aktyor, pedagog. O’zbekiston xalq artisti (1959). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutini tugatgan (1951). 195060 yillar Hamza teatrida rejissyor, bosh rejissyor, ayni vaqtda (1957-70 yillar) Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida pedagog. 1970-75 yillar «O’zbekfilm»da kinoaktyorlar studiyasiga rahbar, aktyor sifatida ishlagan. Zamonaviy rejissuraga xos maksimal aniqlik, har bir detal va xatti-harakatni simvol darajasiga ko’tarish uslubi, keng qamrovlilik, yetakchi murabbiylik Xo’jayev ijodiga xos. «Skapenning nayranglari» (J.B.Moler) X.ning sahnaga qo’ygan ilk spektaklidir. «Mangu hayot» (Bragin va Tovstonogov), «shohi so’zana» (A. Qahhor, A. Ginzburg bilan xamkorlikda), «yurak sirlari» (B. Raxmonov), «Ayajonlarim» (A. Qahhor), «Qutlug’ qon» (Oybek), «Shaxsiy ish» (A. Shteyn), «Oltin devor» (E. Vohidov), «yurak yonmog’i kerak», «Chin muhabbat» (O. Yoqubov), «Hurriyat» (Uyg’un), «Furqat» (T. Xo’jayev o’z pyesasi asosida, B. Avazov bilan hamkorlikda), «Sarvqomat dilbarim» (Ch. Aytmatov), «O’g’irlangan umr» (M. Kaoru), «Monserra» (Robles) kabi spektakllarida yumor, satira va lirik yondashuvlarni, spektakl mazmunini aktyor ijrosiga uyg’unlashtira oldi. Shuningdek, rus drama teatrida «bayramning birinchi kuni» (N. Hikmat), Mukimiy teatrida «g’azal fojiasi» (A. Bobojon) singari spektakllar qo’ygan. U «sarvqomat dilbarim» (Ch. Aytmatov) spektaklini Tatariston teatrida ham sahnalashtirgan. Xo’jayev bir qancha chet el mumtoz dramaturgik asarlar va K.S.Stanislavskiyning «Aktyorning uz ustida ishlashi» asarini o’zbek tiliga tarjima qilgan. Abdulla To’qay nomidagi Tatariston Davlat va Hamza nomidagi O’zbekiston Davlat mukofotlari laureati (1966, 1970). Toshpo’lat Tursunov.