Xoliqov Nizomiddin

Xoliqov Nizomiddin (1939.1.9, Andijon) — grafik rassom, O’zbekiston xalq rassomi (2001). Lvov poligrafiya intini tugatgan (1967). 1967 yildan G’afur G’ulom nomidagi nashriyotda rassom — badiiy muharrir (1967— 78; 1969-71 yillarda bosh rassom), 1978 yildan Andijon «rassom» ijodiy kombinatida rassom (1981-83 yillar rahbar). Toshkent teatr va rassomlik san’ati institutida pedagog (1972-73). Xoliqov linogravyura, ksilografiya, litografiya, ofort, monotipiyada ijod kiladi, asarlarida tasviriy shakl va badiiy mazmun uyg’unligiga erishadi. Xalq og’zaki ijodi namunalaridan «Gulpari», «Oyjamol», «Gulshanbog'» kabi dostonlar, o’zbek mumtoz adabiyoti («Saddi Iskandariy», Alisher Navoiy; «Saylanma», Muqimiy va boshqalar) hamda o’zbek adabiyoti («nurli cho’qqilar», A. Qahhor; «Chinor», Asqad Muxtor va boshqalar)dan chop etilgan kitoblarni badiiy bezadi. Keyingi yillarda moybo’yoq rangtasvirida samarali ijod qilmoqda («Bahor», «Nuroniylar», «Hunarmandchilik», «Yoshlik», «Alpomish», «Ummon», «Harorat» va boshqalar); portretlarida inson ruhiyati teran ifodalangan («Mirtemir», «Muhammad Ali», «brigadir», «Ona» va boshqalar).