Xonaki mushuklar
Xonaki mushuklar — Mushuklar urug’iga mansub uy hayvoni. 50 dan ortiq zoti bor. Xonaki mushuklar yovvoyi mushukning shim. Afrika, O’rta dengiz mushugi (Liviya mushugi) kenja turidan kelib chiqqan. Eshitish, ko’rish, tuyg’u organlari yaxshi rivojlangan, hidni itlarga nisbatan kuchsizroq syozadi. 7— 9 oyda voyaga yetadi, bo’g’ozlik davri 9 hafta, 4-6, ba’zan 10 tagacha bola tug’adi, 13-18 yil umr ko’radi. Yaqin vaqtgacha mushuklar qadimgi Misrda xonakilashtirilganligi taxmin qilinar edi. Chunki bu mamlakatda Mushuklar ilohiylashtirilgan va ular mo’miyolab ko’milgan. Hozir Xonaki mushuklarning suyak qoldiqlari Kavkaz va Old Osiyo hududlarida bronza va hatto neolit davrlarida aholi yashagan joylardagi qatlamlardan ham topilgan. Xonaki mushuklar zotlari bir-biridan, asosan, jun va dumining uzunligi, juni va ko’zining rangi bilan farq qiladi. Uzun junli mushuklarga Angor, Eron va Sibir; kalta junlilarga Siam va dumsiz hamda ko’pchilik Yevropa mamlakatlarida tarqalgan boshqa zotlar kiradi. Xonaki mushuklar omborlar va xonadonlarda zararkunanda kemiruvchilar (sichqon, kalamushlar)ni qirib foyda keltiradi.