Xondamir G’iyosiddin Muhammad ibn Xoja Humomuddin ibn Xoja Jaloliddin Muhammad ibn Burhoniddin Muhammad Sheroziy
Xondamir G’iyosiddin Muhammad ibn Xoja Humomuddin ibn Xoja Jaloliddin Muhammad ibn Burhoniddin Muhammad Sheroziy (1473-76, Hirot — 1534, Mandu; Dehlida dafn etilgan) — tarixchi. Ona tomondan Mirxondiing nabirasi va shogirdi. Otasi temuriylardan Sulton Maxmud Mirzoning vaziri bo’lgan. 10 yoshida Navoiyning kutubxonasida kutubxonachi, 1498 yil mudir. 1503 yildan Balxda Badiuzzamon Mirzo saroyida xizmat qilgan. 1507-10 yillarda shimoliy Afg’onistonda (Basht qishlog’ida) adabiy ijod bilan shug’ullangan. 1510 yil Xondamir Hirotga qaytib kelgan. 1528 yil Xondamir Hindistonga, Boburiylar poytaxti Agraga, ya’ni Bobur huzuriga borgan va 1529 yil Boburning Bengaliya va Gang daryosi sohili tomon qilgan yurishida qatnashgan. Bobur vafotidan so’ng Xondamir uning vorisi Humoyun bilan harbiy yurishlarda ishtirok etgan. Ayni vaqtda u «Humoyunnoma» asarini yozadi. Bu xizmati evaziga unga «Amir ulmuarrixin» unvoni berilgan. Humoyun bilan harbiy yurishdan qaytib kelayotganda vafot etgan. Vasiyatiga binoan, Dehlidagi mashhur qabristonga, shoir Xusrav Dexlaviy (1253-1325) yoniga dafn etilgan. Xondamir 13 ta asar yozgan, bizgacha 8 tasi yetib kelgan; «ma’osir ulmuluk» («hamasr podshoxdarning tarixi») (1498-99); Alisher Navoiyga bag’ishlangan: «Xulosat ulaxbor Fi bayon ulahvol ulaxyor» («Xayrli kishilar ahvolini bayon etish borasida xabarlar xulosasi») (1498— 1500) va «Makorim ulaxloq» («oliyjanob xulkdar») (1501); «dastur ulvuzaro» («Vazirlar uchun qo’llanma») (1500— 01); «Nomai nomi» («atokli nomalar») yoki «Inshoi G’iyosiddin», «Inshoi G’iyosiy» (1522-23); Mirxondning «Ravzat US- safo» asariga Xondamir tomonidan qo’shilgan ilova — 7-jild va «geografik qo’shimcha» (1522-23); «Habib ussiyar Fi Axbor af- rod ulbashar» («inson zoti xabarlari va do’stning tarjimai holi») (1520-24); «Humoyunnoma» (1534). Xondamirning qolgan 5 ta asarining nomlari ma’lum xolos: «Osor ulmuluk Valanbiyo» («podshoh va payg’ambarlar haqida hikoyalar») (1524-25); «Axbor ulaxyor» («Yaxshi insonlar haqida xabarlar»); «Muntaxabi tarixi Vassof» («Vassof tarixidan Saylanma»); «Javohir ulaxbor» («xabarlar gavharlari»); «g’aroyib ulasror» («qiziqarli sirlar»). Navoiyning ma’lumotiga ko’ra, Xondamir «Nakiy» taxallusi bilan she’rlar yozgan. Xondamirning 3 jildli «Habib ussiyar Fi Axbor afrod ulbashar» asarining 1 va 2-jildi Turkistondagi xonlar, Chingizxon va uning avlodlarining tarixi haqida, 3-jildida esa, 15-asrning 90-yillarida Movarounnaxr va Xurosondagi Temuriylar o’rtasidagi o’zaro kurashlar, Shayboniyxon bosqini haqida birmuncha ma’lumotlar bor. Xondamir O’rta Osiyo, Afg’oniston, Hindiston tarixiga oid muhim asarlar yaratgan va bu bilan jahon madaniyati xazinasiga munosib hissa qo’shgan. Dilorom Yusupova.