Xonobodtepa

Xonobodtepa — shahar xarobasi (milodiy 6-13-asr boshi — 16-17-asrlar). Toshkent shahri Janubda Chirchiq daryosining o’ng sohilida, daryodan 0,5 kilometr narida joylashgan. O’tgan asrning 30-60-yillarida M. E.Masson, V.M.Masson, Yu. F. Buryakov; 1971-75 yillarda Toshkent arxeologiya ekspedisiyasi (V. A. Bulatova, L. G. Brusenko, L. L. Rtveladze, E. V. Rtveladze, M. I. Filanovich) tekshirgan. Xonobodtepa yodgorligi kvadrat (530×500 metr) shaklda. Maydoni taxminan 30 gektar. U keng xandaq bilan o’ralgan Ark va shahristondan iborat. 6-asrda istehkomsiz kichik qishloq shaklida qad ko’targan. Xonobodtepa 7-asr o’rtalarida 4 burchagida minoralari bor mustahkamlangan qalin devor bilan o’ralgan shaharga aylangan. Shahar ichida muhtasham binolar, uy-joylar, maydon va bozor joylashgan. 8-asrning 1-yarmida vayronaga aylanib, 9-12-asrlarda hayot tiklangan. 13- asr boshida mo’g’ullar tomonidan vayron etilgan. Uzoq vaqt vayronalikdan so’ng, 15-16-asrlarda shahar qayta tiklanib, mustahkam devori yangi Ark (104×80 metr) bino qilingan. Shahar xarobasidan 8-asrning 1-yarmiga oid tangalar (Choch hokimi Tarnabchaning silovsin tasvirli tangasi, Usrushona xrkimi Satachuriy II, Sugd ixshidi turgar (738-750), turk xoqoni Eltegin tangalari) va abbosiylarning mis fuluslaridan iborat xazina; shuningdek, qopqog’ida qush boshi va soqolli keksa kishi tasviridagi o’ymakor naqshli ostodonlar, buka boshli sirlangan qadah, 6-12-asrlarga oid sirsiz va sirlangan sopol idishlar topilgan. La.Filanovich M. I., Tashkent. Zarojdenie i razvitie goroda i gorodskoy kulturi, T., 1983; Mukminova R. G., Filanovich M. I., Tashkent na perekrestke istorii, T., 2001; Muhammadjonov A., Qadimgi Toshkent, T., 2002. Abdulahad Muhammadjonov.