Xonqa tumani

Xonqa tumani, Xorazm viloyatidagi tuman. 1926 yil 29 sentabrda tashkil etilgan. 1962 yil 24 dekabrda Yangiariq tumaniga qo’shilgan. 1973 yil 26-dekabrda qayta tuzilgan. Tuman viloyatning shimoliyg’arbiy va g’arbiy qismida Urganch tumani, Janubi g’arbda Xiva va Yangiariq tumanlari, Janub va Janubi Sharqda Bog’ot tumanlari bilan chegaradosh. Maydoni 0,43 ming km2. Aholisi 137,5 ming kishi (2004). Tumanda 1 shaharcha (Xonqa), 10 tuman fuqarolari yig’ini (Amudaryo, jirmiz, Madir, Navxos, namuna, Olaja, sarapoyon, Tomadurg’odik, Qirqyop, Qoraqosh) bor. Markazi — Xonqa shaharchasi. Tabiati. Tuman hududi Amudaryoning chap sohilidagi pasttekislikda joylashgan, o’rtacha balandligi 100 metr. Bu joylar Amudaryoning qadimgi deltasi bo’lib, hozir ham o’zanini o’zgartirib turadigan juda ko’p daryo tarmoqlari mavjud. Iqlimi keskin kontinental, qishi sovuq. Arktika havosi kirib kelganda, temperatura keskin pasayib ketadi. Yillik o’rtacha temperatura 11°, yanvarning o’rtacha temperaturasi -5,1°, iyulniki 27,3°. Eng yuqori temperatura 43°, eng past temperatura -32°. Vegetatsiya davri 201 kun. Yiliga o’rtacha 80-100 mm yog’in tushadi. Tumanning yonidan Amudaryo, tuman hududidan Shovot, Polvonyop, Kulobod, Xonqaarna, Urgancharna, Olaja va boshqa magistral kanal va ariqlar oqib o’tadi. Tuprog’i serunum, Daryo oqizib keltirgan qum va gildan paydo bo’lgan allyuvial, cho’lqum o’tloqi, o’tloqibotqoq tuproqlar tashkil etadi. Yovvoyi o’simliklardan chiy, qamish, qo’g’a, qo’ytikan, ro’vak, bug’doyiq, ajriq, yantoq, qorabaroq, oqbosh, sho’ra, pechako’t, yulg’un, turang’il, terak, tol, jiyda va boshqalar o’sadi. Yovvoyi hayvonlardan bo’rsiq, yumronqoziq, quyon, chiyabo’ri, toshbaqa, kaltakesaklar; qushlardan bir necha xil o’rdak, kulrang g’oz, qo’ton, birqozon, inuya, mo’ylovli chittak, dehqon chumchuq, oq qanotli qizilishton, sassiqpopishak, zarg’aldoq, tustovuq va boshqalar ko’p. Baliqlardan oq Amur, do’ng peshona, karp, sazan, laqqabaliq va boshqalar bor. Aholisi, asosan, o’zbeklar, shuningdek, qoraqalpoq, rus, turkman, tatar va boshqa millat vakillari ham yashaydi. Aholining o’rtacha zichligi 1 km2 ga 319,8 kishi (2004). Shahar aholisi 33,6 ming kishi, qishloq aholisi 103,9 ming kishi (2004). Xo’jaligi. Tuman iqtisodiyoti, asosan, qishloq xo’jaligi ishlab chiqarishiga ixtisoslashgan. Paxtachilik, g’allachilik, chorvachilik, ipakchilik, sabzavotchilik, polizchilik, bog’dorchilik rivojlangan. Xonqa qadimdan kulolchilik buyumlari bilan mashhur. R. Matchonovlar yaratgan kulollik buyumlari xorij muzeylarida namoyish etilmoqda. Tumanda yirik, o’rta, kichik korxona va mikrofirmalar faoliyat ko’rsatadi. Paxta tozalash, g’isht zavodlari, «Xonqaguruch», don mahsulotlari kombinatlari, MTP, qurilish tashkilotlari, avtokorxona va boshqalar ishlab turibdi. O’zbekiston—Italiya «Meva» konservalash qo’shma korxonasi faoliyat ko’rsatadi. Dehqon bozori, 250 savdo, 228 maishiy xizmat ko’rsatish shoxobchalari bor. Xonqa tumanida 9 shirkat, 400 dan ziyod fermer xo’jaligi, ijara xo’jaligi mavjud. Umumiy ekin maydoni 24,7 ming gektar, shundan 10,4 ming gektar yerga paxta, 9,7 ming gektar yerga don, 342 gektar yerga kartoshka, 987 gektar yerga sabzavot ekinlari ekiladi (2004). Shuningdek, poliz mahsulotlari, yem-xashak ham yetishtiriladi. Tumanning Navxos qishlog’ida O’zbekiston Fanlar Akademiyasiga qarashli paxtachilik tajriba dalasi mavjud. Jamoa va shaxsiy xo’jaliklarda 60,4 ming qoramol (shu jumladan, 22,6 ming sigir), 17 ming qo’y va echki, 140 mingdan ziyod parranda boqiladi (2004). 2003/04 o’quv yilida 51 umumiy ta’lim maktabida 34,2 mingdan ziyod o’quvchi ta’lim oldi. 4 kasb-hunar kolleji, 3 iqtidorli bolalar maktabi ishlab turibdi (2004). Markaziy kutubxona va uning tarmoqlari (31 mingdan ziyod asar), 13 madaniyat uyi, «Jayxun» qo’g’irchoq teatri, «Dilorom», «Sarapoyon gullari» ashula va raqs dastalari, o’lkashunoslik muzeyi faoliyat ko’rsatadi. Madaniyat va istirohat bog’i, Alisher Navoiy xotirasiga bag’ishlangan adabiyot bog’muzeyi bor. Stadion, 38 sport zali, futbol, voleybol, basketbol maydonlari va boshqa sport inshootlari mavjud. 2 kasalxona (470 o’rin), tug’ruqxona, 2 tish davolash, kattalar poliklinikalari, 20 feldsher-akusherlik punkti, 3 qishloq ambulatoriyasi, 13 qishloq vrachlik punkti, dorixonalar va boshqa tibbiy muassasalarda 270 vrach, 1019 o’rta tibbiy xodim ishlaydi (2004). «Xonqa» va «Avtomobilchi» sanatoriylari bor. Tuman hududidan Urganch — Toshkent avtomobil trakti, Toshkent — Urganch — Volgograd — Moskva xalqaro temir yo’l o’tgan. Xonqadan Urganch, Bog’ot, Hazorasp, To’rtko’l va boshqa shahar va aholi punktlariga avtobus va marshrutli taksilar qatnaydi. Me’moriy yodgorliklaridan Sayd ota masjidi va maqbarasi, Gavdonboy uyi (1910-14 yillar; 1994 yilda ta’mirlangan) saqlangan. 1931 yildan «Xonqa hayoti» (avvalgi nomlari «qurilish», «Mash’al») tuman gazeta nashr etiladi (adadi 1000). Ad.: Fateev A. A., Xankinskaya volost, 1926; Xonqa tarixi, Urganch, 1995. Komil Nurjonov.